Toshkentda yana 12 tup daraxtga shikast yetkazilgani aniqladi
Jamiyat
−
11 avgust 2022
5289Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 12 tup daraxtning ildiz qismiga qurilish kompaniyasi tomonidan shikast yetkazilgan. Bu haqda shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shota Rustaveli ko‘chasidagi 28-uy yonida qurilish kompaniyasi tomonidan olib borilayotgan qurilish ishlari jarayonida 5 tup chinor va 7 tup kashtan daraxtlarining ildiz qismlariga o‘sishdan to‘xtamaydigan darajada shikast yetkazilgan.
“Daraxtlarning sug‘orish tizimi olib tashlangani va buning natijasida “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 26 va 32-moddalari talablari buzilgani aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, daraxtlarni muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmaganligi uchun “Millimetre construction company” MCHJ rahbari U.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 3-qismi bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonuniy chora ko‘rish uchun taqdim etilgan.
“Shu bilan birga, qurilish kompaniyasi mas’ullariga hududdagi mavjud daraxtlarni muhofaza qilish, ularga biotexnik tadbirlarni amalga oshirish va ekologik talablar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilib, kafolat xati olindi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 101 tup daraxt, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxtining ildiz qismi shikastlangani haqida xabar bergan edik.
Holat sabab Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etilgan edi. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va prokurori Ulug‘bek Qosimovga hayfsan berilgandi.
LiveBarchasi