Toshkentda o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib olgan shaxs ushlandi
Jamiyat
−
11 yanvar
5426Toshkentda o‘zganing nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib olgan shaxs javobgarlikka tortildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mirobod tumanida yashovchi 61 yoshli Sh.O. IIOga murojaat qilib, o‘zining nomiga noma’lum sabablarga ko‘ra onlayn kredit rasmiylashtirilganini bildirgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Yakkasaroy tumanida yashovchi 39 yoshli S.A. sodir etgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, S.A. Sh.O.ga SMS-xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, uning nomidan mobil ilova orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan so‘ng, "uddaburon" onlayn tarzda 30 million so‘m onlayn kredit rasmiylashtirib, o‘sha vaqtning o‘zida mazkur pullarni o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
"Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, S.A.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda", deyiladi Kiberxavfsizlik markazi xabarida.
LiveBarchasi