Toshkentda uy sotish bahonasida fuqarolarni chuv tushirgan firmalar aniqlandi
3-sahifa
−
21 fevral
8825Toshkentda ikki firma uy-joylar qurib, sotish bilan fuqarolarni aldab, 27 mlrd so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024 yilning yanvar oyida Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Arkenstone” va "VescoCottage" nomli MCHJlar tashkil etgan shaxs qo‘lga olingan.
Mazkur MCHJlar Toshkent shahrida kottej turar joylarini qurayotganini, bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda turli reklama e’lonlarini joylashtirib, shu yo‘l bilan yangi uy olish istagida bo‘lgan fuqarolar ishonchiga kirib, go‘yoki kechiktirib to‘lash imkonini berish vaji bilan ularda qiziqish uyg‘otib, 2022-2023 yillar davomida 125 million so‘mdan boshlang‘ich to‘lov sifatida fuqarolarning qariyb 27 milliard so‘mini "yeb yuborgan".
Aslida esa ushbu MJCHlarga uy-joy qurish uchun hech qanday yer ajratilmagan bo‘lgan.
Shuningdek, MCHJ ta’sischisi jinoyat bilan topgan pullarini legallashtirish maqsadida xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tgan valyuta birjasida o‘zi va onasining nomiga hisob raqami ochib, unga 1 mln 400 ming AQSH dollari o‘tkazib olgani hamda birja savdolarida ishtirok etgani ma’lum bo‘lgan.
Bundan tashqari, ushbu fuqaroga tegishli bo‘lgan xalqaro serverlarda joylashgan platformalardagi shaxsiy kabinetlarida 222 ming AQSH dollariga yaqin puli borligi aniqlanib, muzlatilgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan Mahamatov va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan xorijiy valyuta birjasida Mahamatovning onasi nomiga rasmiylashtirilgan elektron hamyonda mavjud bo‘lgan 403 ming AQSH dollari to‘lov bank viza kartasiga qaytarilgan. Ushbu jinoyat ishi doirasida hozirgi kunda 7,8 milliard so‘m mablag‘larning harakati to‘xtatib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlangandi.
Ulkanbayeva Rayhona