Toshkentda turar joyga ehtiyojmand qancha talaba borligi aytildi
Jamiyat
−
16 avgust 2023
4801Hozirgi kunda Toshkent shahrida 48 ming 976 nafar talaba(30 foiz)ning turar joyga ehtiyoji mavjud. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to‘g‘ri keladi. Oliy ta’lim muassasalari tyutorlari orqali ushbu talabalar bilan suhbatlashilganda 23 ming 774 nafar talaba (2, 3, 4-kurslar) Toshkent shahrida ijarada yashashini ma’lum qilgan. Ya’ni ularning aksariyati avvaldan yashab kelayotgan ijara uylarini saqlab qolishgan yoki oldindan ijara uylarini band qilib qo‘ygan.
Ushbu holatda ijara xonadonlariga joylashishga ehtiyoji bo‘lgan (yotoqxonadan joy berilmagan, o‘z uyi, yaqin qarindoshi mavjud bo‘lmagan va ijara xonadoni ham aniq bo‘lmagan) talabalar 25 ming 202 nafarni tashkil etmoqda.
Ana shu tahlillardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarida barcha tyutorlarni to‘liq jalb qilgan holda mahalla raislari bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara uylarini topish ishlari amalga oshirilgan.
Uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin jami 8 ming 438 ta ijara xonadonlarining manzilli ro‘yxatlari shakllantirilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur xonadonlarga 24 ming 254 nafar talabani joylashtirish imkoni mavjud. Ayni paytda qolgan 948 nafar talabaga qo‘shimcha ijara uylarini topish choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq 2023/2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari, 2024/2025 o‘quv yilidan esa barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshirilishi hamda ayrim toifadagi talabalar ustuvorlik asosida yotoqxonaga joylashishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi