Toshkentda tramvayni fransuzlar quradigan bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Fransiya kecha, 22 noyabr kuni Parijda Toshkentning tramvay tizimi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot kotibi QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu yo‘l xaritasi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fransiyaliklar ishlari bo‘yicha vaziri Olive Besht tomonidan imzolangan.

Unga ko‘ra, Fransiyaning Alstom kompaniyasi 9,1 kilometrlik tramvay liniyalarini quradi. Yo‘lovchi tashish hajmi kuniga 78 ming kishini tashkil etishi rejalashtirilmoqda. Qurilish ishlarini 2024 yilning birinchi choragida boshlash kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, loyiha qiymati 167,4 mln yevroga baholanmoqda.  Shuningdek, hozirda 3 ta yo‘nalish bo‘yicha harakat amalga oshirilishi mumkin. 

Birinchi navbatda, “Yangi O‘zbekiston” bog‘igacha tramvay liniyasi olib borish bo‘yicha loyiha ishlari boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Toshkentga tramvay qaytarilishi haqida ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, 2016 yil 2 may kuni Markaziy Osiyodagi eng qadimgi va eng yirik yengil relsli transport tizimi – Toshkent tramvaylari tarixga aylangan edi. Rasmiylar buni transport vositalarining doimiy ko‘payib borishi va tramvay yo‘nalishlarining samarasiz ishlashi bilan izohlashgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

258

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing