Toshkentda tilanchilik qilayotganlar jazolandi
3-sahifa
−
25 Sentabr
5349Toshkent shahrining Yunusobod va Yangihayot tumanlarida tilanchilik qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yunusobod tumanida avtomobil yo‘lida yurgan nogironligi bor shaxsning videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, tuman ichki ishlar organlari xodimlari u bilan profilaktik suhbat olib borgan.
“Tilanchilik qilayotganimda ichki ishlar xodimlari ko‘rib, olib keldi. Eski-tuski narsalar, oyoq kiyim tikardim. O‘zimning ishimga qaytaman. Davlat xodimlari tushuntirdi, qonunga zid ekan”, deydi erkak.
Shuningdek, profilaktik tadbirlar davomida farzandini tirikchilik manbai qilib olgan, ularning hayotini xavf ostida qoldirayotgan ayollar ham uchragan. Ularning ko‘pchiligi 40 yoshdan oshmagan ayollar ekani ta’kidlangan.
“Yerosti o‘tish yo‘lida tilanchilik qilayotgan ikki nafar ayol shaxsiga aniqlik kiritilib, dastlabki hujjatlar rasmiylashtirildi va sudga yuborildi. Huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanildi”, deyiladi xabarda.
Yangihayot tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida esa voyaga yetmagan ikki qiz tilanchilik qilayotgani aniqlangan. Ular asli Samarqand viloyatidan bo‘lib, Toshkent shahriga tilanchilik maqsadida kelgan. O‘smirlar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga yuborilgan.
Huquqbuzarlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-3 moddasiga (tilanchilik qilish) ko‘ra, jazo tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahrida firibgarlik yo‘li bilan tilanchilik qilayotgan yigitlar aniqlanib, jazoga tortilgandi.
LiveBarchasi