Toshkentda tilanchilik qilayotgan ikki qiz PPX avtomobiliga “bosib” olib ketildi (video)

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari ikki qizni majburan xizmat avtomobiliga o‘tqazayotgani aks etgan videotasvir tarqaldi. Toshkent shahar IIBB ushbu vaziyatga rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 3 avgust kuni soat 12:30 larda PPX brigadasi 3-batalon 5-otryad xodimlari Yunusobod tumani Abdulla Qodiriy va Sharof Rashidov ko‘chalarining kesishmasidagi chorrahada xizmat olib borayotgan vaqtida, chorrahada ikki nafar qizlar tilanchilik qilayotganini ko‘rgan. Bu qizlar o‘zining xatti-harakatlari bilan yo‘lning serqatnov qismida avariyaviy holatni yuzaga keltirib, transport vositalari haydovchilariga xalaqit bergan.

Qizlarga o‘rnatilgan qonun qoidalarni buzayotgani tushuntirilib, ulardan yaqin oradagi Yunusobod tumani IIO FMB 2-sonli IIBga borishlari so‘ralgan. Ammo 18 yoshli Sarvinoz E. va 19 yoshli Shahzoda A. xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni haqorat qilgan va atrofdagi odamlarning diqqatini tortish maqsadida shovqin ko‘tarishgan. Natijada xodimlar qo‘shimcha kuchlarni chaqirib, ushbu qizlarni IIBga olib kelishgan.

Profilaktika inspektori K.Jo‘rayev ushbu fuqarolar bilan profilaktik tushuntirish ishlarini olib borib, tilanchilik qilganlik uchun javobgarlik belgilanganligini ma’lum qilgan. Ular tomonidan bu holat birinchi marotaba sodir etilayotganligi sababli qizlarga ogohlantirish berilgan.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

508

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing