Toshkentda terrorchilik tashkilotining 11 nafar a’zosi ushlandi

Jamiyat

image

DXX va IIV xodimlari tomonidan mavjud jinoyat ishi doirasida Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida hamkorlikdagi tezkor tadbirlar o‘tkazdi. Bu haqda "O‘zbekiston 24" telekanalida xabar berildi.

Unda Oliy sudning 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan mamlakatda taqiqlangan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining 11 nafar tarafdorlaridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, ushbu guruhni tashkil etgan shaxsning o‘zi dastavval joriy yilning yanvar oyida diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish, hozirda Suriya va Turkiya davlatlarida qo‘nim topgan, asli qirg‘izistonlik, taxallusi “Abu Saloh” bo‘lgan Sirojiddin Muxtorov, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan “Abdulloh Zufar” - Zofir G‘afforov va “Sodiq Samarqandiy” - Sodiq Muhammadiyevlarning da’vatlarini tinglab, ularning ta’siriga tushib qolgan, deyiladi matbuot xabarida.

So‘ngra o‘z atrofidagi insonlarni ham bu yo‘lga targ‘ib qila boshlagan.

Joriy yilning mart oyiga kelib, u “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qo‘shilish uchun Suriya davlatiga chiqib ketishni reja qilgan va buning uchun o‘ziga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib olgan.

Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekiston va Turkiyada joriy etilgan karantin choralari uning rejasining ro‘yobga chiqishiga xalaqit bergan.

Ta’kidlash lozimki, noqonuniy yig‘ilishlar davomida guruh a’zolari internet tarmog‘i orqali yuklab olingan ekstremistik mazmundagi materiallarni tinglab, muhokama qilib kelishgan. Ularning bir nechtasi “hijrat” va “jihod” qilish uchun Suriya davlatiga borishga xayrixohlik bildirishgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida guruh a’zolarining yashash manzillarida taqiqlangan diniy adabiyotlar va varaqalar, kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon hamda flesh-kartalar borligi aniqlanib, ularda saqlanayotgan ma’lumotlarni ekspertizadan o‘tkazish uchun protsessual tarzda rasmiylashtirilib olingani aytilgan.

Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

terrorchilik tashkiloti jihod

Baholaganlar

376

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing