Toshkentda tergov qilinayotgan 21 yoshli yigit 4-qavatdan sakrab, vafot etdi (video)
3-sahifa
−
04 iyun 2023
27539Toshkent shahri Chilonzor tumanida 21 yoshli yigit tergovdan qochish maqsadida hojatxonadan pastga sakrab, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, fuqaro X.T. cho‘ntagida “gashish” giyohvandlik vositasini saqlab kelgani aniqlanib, joriy yilning 22 may kuni Chilonzor tumani IIO FMB JQB giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘limiga olib kelingan.
Binoning 4-qavatiga surishtiruv harakatlarini o‘tkazish uchun olib chiqilgan X.T. javobgarlikdan qochish maqsadida shu qavatda joylashgan hojatxonaga kirib, tezkor xodimni chalg‘itgan. U hojatxonaning derazasidan, pastda joylashgan oshxonaning shifer bilan qoplangan tom qismiga sakragan. Shiferning chetki qismi sinishi oqibatida X.T. boshi yerga qulab tushgan.
Jarohatlangan fuqaro ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan shifoxonaga olib borilgan. Ammo X.T. olgan tan jarohatlari oqibatida 29 may kuni shifoxonada vafot etgan.
Chilonzor tumani prokurori boshchiligidagi guruh tomonidan shu kunning o‘zida hodisa sodir bo‘lgan bino va atrof-muhit joyiga chiqqan holda ko‘zdan kechirilgan, tegishli guvohlar va ishga aloqador barcha xodimlarning ko‘rsatmalari olingan.
Fuqaro X.T.ning vafot etgani yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Yigitning o‘limidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda yigitning o‘zini yuqoridan tashlab, vafot etganiga nisbatan shubhalar paydo bo‘lib, noroziliklar bildirildi. Bunga javoban Bosh prokuratura foto-video dalillarni e’lon qildi.
Bundan tashqari, hozirda ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani ma’lum qilindi. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
“Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hodisa bo‘yicha turli asoslanmagan ma’lumotlar tarqalmoqda. Mazkur hodisa alohida nazoratga olingan bo‘lib, mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma’lumotlarga ishonmasliklaringizni hamda rasmiy manbalar orqali berilayotgan ma’lumotlarga tayanishlaringizni so‘rab qolamiz”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.
LiveBarchasi