Toshkentda tabiatga qariyb 200 mln so‘m zarar yetkazgan shaxs aniqlandi
3-sahifa
−
08 noyabr
3784Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida 1 tup chinorni kesgan, yana biriga qasddan shikast yetkazgan shaxs tabiatga 199 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari tomonidan Yangiyo‘l tumanida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Reyd davomida tumanning “Xalqabod” MFY O‘zbekiston ko‘chasida 1 tup ko‘p yillik chinor daraxti tag qismidan kesilgani hamda yana 1 tup ko‘p yillik chinor daraxtiga qasddan shikast yetkazilgani aniqlangan.
Holat yuzasidan tezkor surishtiruv o‘tkazilib, huquqbuzarlik Toshkent shahar Chilonzor tumani Gavhar ko‘chasida yashovchi fuqaro X.D. tomonidan sodir etilgani ma’lum bo‘lgan. U “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalari talablarini buzgan va tabiatga 199 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.
Hozirda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, holatga huquqiy baho berish va chora ko‘rish maqsadida Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Toyloq tumanida tut daraxtini kesgan fuqaro 71 million so‘mdan ortiq jarimaga tortilgan edi.
LiveBarchasi