Toshkentda “snos” shamoli esmoqda: Eski shaharda turistik markaz quriladi
Jamiyat
−
22 yanvar 2022
17487Toshkentning Eski shahar qismidagi Zarqaynar ko‘chasi hudud ruhini saqlagan holda turistik markazga aylantiriladi. Bu haqda kecha, 21 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bir qator loyihalar bilan tanishuvi davomida aytib o‘tilgan.
“O‘zbekiston 24” telekanali lavhasida aytilishicha, “Zarqaynar Renovation” Zarqaynar ko‘chasi ta’mirlangach uch qismdan iborat bo‘ladi.
Prezident taqdimotda loyiha bilan tanishib, Eski shaharning turistik salohiyatini oshirish uchun ko‘rsatmalar bergan.
Loyiha kim tomonidan amalga oshirilishi, quruvchi tender asosida tanlab olinadimi yoki aniq bir kompaniya belgilab qo‘ya qolinadimi aytilmagan. Shuningdek, “Zarqaynar Renovation”ga qancha pul sarflanishi ham ochiqlanmagan.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Zarqaynar ko‘chasida aholi honadonlari zich joylashgan. Agarda hudud rekonstruksiya qilinsa, poytaxtda yana "snos"lar boshlanishi ehtimoldan holi emas. Shundoq ham hududning biqinida Islom sivilizatsiya markazi qurilishi oqibatida o‘nlab uylar buzib tashlandi. Aholi bundan norozi bo‘lib, OAVga murojaat qildi. Ko‘plar anchagacha o‘zi yashagan uy evaziga uy ololmay qoldi.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi loyihalar bilan tanishish davomida Yunusobod tumani, Shahrisabz va Amir Temur shoh ko‘chalari kesishmasi yonida qurilayotgan “Tashkent Central Park” majmuasi, Olmazor ko‘chasida barpo etilayotgan “Tashkent city mall” majmuasini borib ko‘rgandi.