Toshkentda shifokor ayolni kaltaklagan mast fuqaro qamaldi
Jamiyat
−
04 noyabr 2021
3592Avvalroq Toshkentda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining toksikologiya qabul bo‘limiga Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi 37 yoshli fuqaro U.N. onasi hamrohligida olib kelingani hamda bu yerda boshqa bemorlarga xizmat ko‘rsatayotgani uchun o‘z xizmat faoliyatini o‘tayotgan navbatchi shifokor N.Toshpo‘latovaga tan jarohati yetkazgani haqida xabar bergan edik.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 2 noyabr kuni Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida shifokor ayolni kaltaklagan mast fuqaro U.N.ga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Sudlanuvchiga jazo turi va muddatini tayinlashda fuqaroning muqaddam sudlanmagani, o‘z aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy sharoiti hamda kasalligi, mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan iltimosnoma jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholandi. Ammo sudlanuvchining mazkur qilmishni g‘arazli niyatda hamda mastlik holatida sodir etgani jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida baholandi.
Hukmga ko‘ra, U.N.ga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirildi. Ayblanuvchiga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga muttasil qarshi kurashib keladi va barcha yurtdoshlarimizga ularning salomatligini saqlash yo‘lida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining haq-huquqlari va insonlik sha’niga hurmat bilan qarash lozimligini yana bir bor eslatib o‘tadi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, fuqaro U.N. tomonidan kaltaklangan shifokor N.Toshpo‘latova qo‘shma kraniofatsial jarohat, bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi, subaraxnoidal qon quyulishi, burun suyaklari va burun to‘sig‘i sinib siljishi, ensa va burun sohalari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, nazogemorreya tashxisi va bosh miya shishi asorati bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan edi.
O‘sha paytdayoq Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan qonunga muvofiq hukm chiqarilishini so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat bilan chiqqan edi.
Shundan so‘ng tibbiyot xodimiga qo‘l ko‘targan fuqaroga nisbatan jinoiy ish ochilib, surishtiruv ishlari boshlangan.
Azizbek Nahanov
LiveBarchasi