Toshkentda san’atkor hamkasbini o‘ldirib qo‘ydi. U 11 yilga qamaldi
3-sahifa
−
13 avgust 2022
71109Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari sabab hamkasbini pichoqlab, o‘ldirgan 26 yoshli san’atkor 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qotil marhum bilan 2016 yilning yoz oylarida to‘y marosimida xizmatda tanishgan. Shundan so‘ng marhum uni tez-tez nasha giyohvandlik vositasi bilan mehmon qilib turgan. Biroq fuqaro ayni narkotikka mukkasidan ketgan vaqti tanishi nasha yo‘qligini vaj qilib, 20 000 so‘mga “Lirika” olishini tavsiya qilgan.
“Oradan yillar o‘tdi. Zararli odatga ko‘ra, tanishimga iste’molim uchun gashish sotib olish maqsadida qo‘ng‘iroq qildim. 350 000 so‘mni oldindan olib, gashish topib berishni va’da qildi. Biroq, olib kelmadi. Unga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Meni haqorat qildi, keyin esa qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi”, deydi sudlanuvchi.
U tanishining ortidan kelib, pichoq bilan uning ko‘krak qafasi o‘ng tomon yuqori qismi, chap kurak osti qismiga sanchilgan-kesilgan jarohatlari yetkazadi. Tanishining harakatsiz yotganligini ko‘rganidan so‘ng voqea joyidan yashiringan. Qotil bo‘lib o‘tgan voqeani quyidagicha hikoya qiladi.
“Zararli odatga ko‘ra, tanishimdan iste’molim uchun gashish sotib olish maqsadida qo‘ng‘iroq qildim. Topib berishini aytgani uchun uchrashib 350 000 so‘mni olib, gashishni olib kelishni va’da qildi. Biroq, olib kelmadi. Unga bir necha marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Meni haqorat qildi, keyin esa qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi. Undan qasd olish uchun o‘z vaqtini kutib keldim. Dorixonadan 6 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotib olib, iste’mol qildim. Uyga qaytganimdan keyin tanishimning qilgan ishi esimga tushib qoldi.
Tanishimga qo‘ng‘iroq qilib, “aka, unaqa yo‘q bo‘lib ketmang, bosh og‘rib keti-ku biror nima yo‘qmi?”, deya undan giyohvandlik vositasi bilan mehmon qilishini so‘radim. U “ukam yangi uyimda bir o‘zimman, mehmon qilaman”, dedi. Asl maqsadim esa undan menga nisbatan qilgan haqorati bo‘yicha qasd olish bo‘lgan. Manzilga yetib borganimda, tanishim kutib olib, xonadoniga olib kirdi.
Menga uyining barcha xonalarini ko‘rsatdi. Unga “Esingdan chiqib qolmadimi, 350 000 so‘mimni olib ketganding. O‘lganni ustiga tepgan qilib, onamdan so‘kib, meni haromi degansan”, deya janjallashib ketdik. So‘ng tanishimga “Bo‘ldi, nashani oling, taksi kutib turibdi, chakib ketaman”, dedim. U nashani iste’mol qilish uchun tayyorlab turgan vaqtida, o‘zi bilan oshxonadan pichoqni olib keldi. Unga “Nashani tayyorlab, hammomga kiring va chelakka suv oling”, deb aldab, qo‘lidan pichoqni oldim.
Shu vaqtda u bukilgan holatida chelakka suv to‘ldirib turgan vaqtida, qo‘limdagi pichoq bilan hammomga kirib, “Esingdan chiqdimi onamni so‘kkaning?”, deya bor kuchim bilan tanasining turli joylariga bir necha marotaba pichoq tiqdim. Qo‘l va oyoqlarim bilan urib, unga tan jarohat yetkazdim”, deydi ayblanuvchi.
Jarohat olgan yigit zarbalardan yotgan joyidan turolmay qolgan. Qotil esa qo‘lidagi pichoqni o‘zi bilan olib, xonadondan tark etgan. Uyning yo‘lakchasida dastro‘mol bilan qo‘lidagi qon dog‘larini tozalaydi va pichoqni dastro‘molga o‘rab, cho‘ntagiga soladi.
“Ko‘chaga chiqib, men bilan birga kelib, mashinasida kutib o‘tirgan boshqa bir tanishim bilan ketdim. Mashina boshqaruvidagi tanishimga ushbu holatni bildirmadim. Uning telefonidan ukamga qo‘ng‘iroq qildim. Mashinaning musiqasini eshitib ketayotgan tanishim eshitmaydigan darajada past ovozda ukamga bo‘lib o‘tgan holatni aytib berdim. Keyin yo‘lda tushib qolib, pichoqni kanalga tashlab yubordim. Ukam va bir tanishim bilan ko‘rishdim. Ular meni avtomobilga o‘tkazib, ichki ishlar organlariga olib borishdi. Xodimlarga bo‘lib o‘tgan holatlarni to‘liq bayon qilib berdim. Hozirda qilgan ishidman chin ko‘ngildan pushaymonman”, deydi qotillikni sodir etgan shaxs.
Jarohatlangan yigit hayot uchun xavfli bo‘lgan, ko‘krak qafasi chap tomoni orqa yuzasini teshib kirishi, chap o‘pka va plevra varaqalarini shikastlagan sanchib-kesilgan jarohati oqibatida ichki va tashqi qon ketib, tez-tibbiy yordam mashinasida vafot etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi Muzaffar Kukiyev chiqargan sud hukmiga muvofiq, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan hamda 11 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 96-moddasini qo‘llab, jazoni ijro etish joylarida giyohvandlikdan (nasha) hamda toksikomaniyadan (Regopen, Tropikamid va Zardeks) majburiy tarzda davolash tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishi belgilangan.
LiveBarchasi