Toshkentda “Ryodan”ga aloqador deya gumon qilingan 50 ga yaqin o‘smir ushlandi (video)

3-sahifa

image

Kecha, 5-mart Toshkent shahar Yashnobod tumani, Istiqlol ko‘chasida joylashgan Xalqaro forumlar saroyi binosi yonida 50 ga yaqin yoshlar to‘plandi. Ular “Ryodan” kabi submadaniyatga qo‘shilish haqida turli shiorlar bilan chiqqan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov ma’lum qildi.

IIVga ko‘ra, bungacha ichki ishlar organlariga ushbu harakat tashkilotchilari mamlakatdan tashqarida joylashgan buzg‘unchi kuchlar ekani, ularning maqsadi milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni, shuningdek, tartibsizliklar, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish ekanligi haqida turli ma’lumotlar kelib tushgan.

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda buzg‘unchi shiorlar va notanish kimsalar ta’siriga tushib qolish xavfidan ogohlantirgan.

“Joriy yilning 5-mart kuni jamoat tartibini buzish holatlarining oldini olish maqsadida Toshkent shahar IIBB tomonidan profilaktika tadbirlari o‘tkazilib, ota-onalar va hodisa ishtirokchilari bilan suhbatlashildi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, buzg‘unchi kuchlarning yoshlarimizga ta’sirini harakat ishtirokchilari tomonidan oshkor etilgan murojaatlar isbotlagan:

“Salom, bugun soat 18:00 da butun forumni buzamiz. Biz tishimizgacha pnevmatik, sovuq va jangovar qurollar bilan qurollanamiz”. 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlarining harakatlarini obro‘sizlantirishga urinishlar bilan anonim foydalanuvchilarning videolari tarqatilgan.

“Ota-onalarga farzandining sevimli mashg‘ulotlariga e’tibor berish kerakligini eslatamiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Ma’lumot uchun, dastlab “Ryodan” harakati tashkil etilganda, internetdagi bir nechta virtual jamoalardan iborat bo‘lgan: ular yapon animatsiya san’ati muxlislari bo‘lib, o‘smirlarni qiziqishlari bo‘yicha birlashtirishdan boshqa maqsadlarni ko‘zlamagan edi. Bolalar o‘zlarining sevimli san’atlarini muhokama qilar va shunga o‘xshash kiyimlarni (orqasida o‘rgimchak rasmi hamda 4 raqami bo‘lgan katakli shim va futbolkalar) tanlashar edi.

Biroq vaqt o‘tishi bilan harakatdan yangi yo‘nalish ajralib chiqib, ular ichida bir qator tajovuzkor shaxslar paydo bo‘ldi. Ular hududdagi vaziyatni beqarorlashtirish, o‘smirlarning to‘liq shakllanmagan dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazish orqali ularni nazorat qilishni maqsad qilib oldi. Buning oqibatida tarmoqdagi begona shaxslarning buzg‘unchi shiorlari ta’siriga berilib ketgan bolalar jamoat joylarida to‘planib, ommaviy tartibbuzarliklarni uyushtira boshladi.

Ayni paytda “Ryodan” harakati tomonidan uyushtirilgan bunday holatlar Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belarus va bir qator boshqa davlatlarda qayd etilgan. Janjallar tomonlarning turli darajadagi tan jarohatlari olishiga, shaxslarning mulkiga zarar yetkazilishiga, ko‘plab ma’muriy va jinoiy ishlarning qo‘zg‘atilishiga olib keladi. Bunday oqibatlarning oldi olinishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing