Toshkentda psixotrop moddalarni tayyorlayotgan guruh ushlandi
3-sahifa
−
16 Oktabr 2023
8283Toshkentda yashirin laboratoriya tashkil etib, psixotrop moddalarni tayyorlash bilan shug‘ullangan olti kishi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda xalqaro kurerlik jo‘natmalari orqali xorijdan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni kontrabanda qilish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, aviajo‘natmalar orqali Xitoy davlatidan kosmetika mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladigan vosita nomi ostida yuborilgan 5 kg “Pregabalin” moddasi to‘xtatib qolingan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu kuchli ta’sir qiluvchi modda 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga tegishli ekani aniqlanib, ular harakatlanayotgan 1994 yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada, avtomashina salonida bo‘lgan 1500 dona “Pregabalin” va 90 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ular ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirilganda, ushbu manzilda yashirin laboratoriya tashkil etilgani va jinoiy guruh a’zolari bo‘lgan – 2003 va 2005 yillarda tug‘ilgan ikki nafar qiz kimyoviy moddalarni aralashtirgan holda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tayyorlash va bo‘sh kapsulalarga qadoqlash bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘lgan.
Mazkur xonadondan sotishga tayyorlab qo‘yilgan 376 dona “Pregabalin” kapsulasi, 101 dona flakonda “Tropikamid”, 14 kilogramm 150 gramm kuchli ta’sir qiluvchi moddalari kukuni, 9 ta polietilen qopda bo‘sh kapsula va flakonlar, 20 litr xlorid kislotasi, elektron tarozi, kolba, mikser va shpritslar protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda jinoiy guruhning olti nafar a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi