Toshkentda poyga ortidan piyoda o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi ozodlikka chiqarildi

3-sahifa

image

Joriy yilning may oyida Toshkent shahrining Sergeli tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi. Kia rusumli avtomobil haydovchisi 27 yoshli piyodani urib yuborgandi.

Avtopoyga uyushtirib, piyoda o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 4 oyda ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, ayblanuvchi 24 yoshli A.X. jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudining 14 avgustdagi hukmi bilan 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Sudda haydovchi bir qator yo‘l harakati qoidalarini buzib, yuqori tezlikda harakatlangani va piyodani urib yuborgani tasdiqlangan.

Sudlanuvchining advokati hukm yuzasidan apellyatsiya shikoyatini kiritgan. 12 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan apellyatsiya instansiyasi sudi majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili B.K. aybdorning oila a’zolari tomonidan moddiy va ma’naviy zararlar to‘liq qoplangani, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, unga yengilroq jazo tayinlashni so‘rab, sudga ariza taqdim qilgan.

Sud majlisida qatnashgan Toshkent shahar prokuraturasining bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari M.Komilov apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmaslikni so‘ragan.

Sudlov hay’ati esa sudlanuvchining shaxsi, muqaddam sudlanmagani, aybiga iqror va qilmishidan pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvoli, jabrlanuvchi qonuniy vakilining unga nisbatan da’vosi yo‘qligi kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga olib, A.X.ga nisbatan tayinlangan jazoni Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblab, sinov muddati belgilashni lozim topgan.

Sud ajrimi bilan A.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksi 266-moddasining 2-qismi bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilgan. A.X.ning dastlabki qamoqda saqlangan 4 oy 2 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 2 yil 7 oy 28 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan. Bu asosiy jazo Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanib, 2 yil sinov muddati belgilangan va sud zalidan ozod qilingan.

Sinov muddatida A.X.ga xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ ruxsatisiz O‘zbekiston hududidan chiqmaslik, yashash, o‘qish yoki ish joyi o‘zgarib qolsa, bu haqda xulqi ustidan nazorat qiluvchi organga xabar berib turishi, vaqti-vaqti bilan kelib bu organlarda ro‘yxatdan o‘tib turishi majburiyatlari yuklatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent poyga

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing