Toshkentda “parkovka” qilish narxi tasdiqlandi
Jamiyat
−
17 Oktabr
7860Toshkent shahrida pulli “parkovka” narxlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 1 soat uchun tarif 5 ming so‘mdan 12 so‘mgacha qilib belgilandi. Bu haqda kecha, 16 oktyabr kuni Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
- 1-tarif zonasi – 12 000 so‘m;
- 2-tarif zonasi – 10 000 so‘m;
- 3-tarif zonasi – 8 000 so‘m;
- 4-tarif zonasi – 6 000 so‘m;
- 5-tarif zonasi – 5 000 so‘m etib belgilandi.
Birinchi zona shahar markazini va to‘xtash joylariga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lgan eng tirband hududlarni qamrab oladi.
Qolgan zonalar quyidagicha taqsimlanadi:
Ikkinchi zona markazga yaqin, markazdan biroz uzoqda joylashgan, ammo mashinalar uchun hali ham talab mavjud hududlarni qamrab oladi.
Uchinchi zonaga shahar markazidan o‘rtacha masofada joylashgan hududlar kiradi.
To‘rtinchi zona markazdan uzoqda joylashgan, to‘xtash joylari zichligi kamaygan hududlarni qamrab oladi.
Beshinchi zona – bu eng chekka va kam gavjum hududlar, odatda shaharning chekkasida joylashgan.
Qayd etilishicha, bunda Toshkent shahrida transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmasligi kerak.
Qarorda, shuningdek, “Toshkent Invest kompaniyasi” 2025 yil 1 yanvarga qadar Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Pulli to‘xtab turish joylari” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini foydalanishga topshirishi va unga tashkil etiladigan transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylari uskunalarini ulashga tayyorligini ta’minlashi belgilandi.
Quyidagi toifadagi transport vositalaridan esa to‘xtash joyidan foydalanganlik uchun to‘lov undirilmaydi:
- favqulodda vaziyatlar va maxsus xizmatlar xodimlari tomonidan foydalaniladigan jigarrang, qizil yoki ko‘k-qizil miltillovchi chiroq va maxsus ovozli signallar bilan jihozlangan transport vositalari;
- old va orqa oynalarida “7.17” yo‘l belgisi tasviri tushirilgan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning transport vositalari (jumladan, nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari);
- II Jahon urushi qatnashchisining transport vositasi;
- davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydigan ikki g‘ildirakli transport vositalari.
Parkingda, shu jumladan, savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar yonidan kamida 5 foiz joy (lekin bir dona joydan kam bo‘lmagan) imtiyozli ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalarini bepul joylashtirish uchun ajratiladi.
LiveBarchasi