Toshkentda onlayn qimorni reklama qilgan tashkilot jazolandi
Sport
−
13 Sentabr
3172Raqobat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Hamkor reklama servis” MCHJ tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida tashqi reklama konstruksiyalari orqali bukmekerlik reklama tovar belgisi ko‘rsatilgan holatlar aniqlanib, chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Holat yuzasidan maxsus komissiya tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 46-moddasi talablari buzilganligi yuzasidan “Hamkor reklama servis“ MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qo‘mita vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibning maksimal miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanilib, to‘plangan hujjatlar javobgarlik masalalarini ko‘rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan “Marketplace Trading” AJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilgandi.