Toshkentda nigeriyalik “qarindoshi”ga 90 ming dollar o‘tkazgan ayol chuv tushdi
3-sahifa
−
02 iyul
12084Toshkent shahrida yashovchi ayol xalqaro firibgarlarning katta kompaniya egasidan qolgan 3 milliard dollarlik merosni unga o‘tkazib berish haqidagi yolg‘oniga ishonib, 90 ming dollar pulidan ayrildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Markaz xodimiga ko‘ra, holat bundan ikki oy oldin sodir bo‘lgan. Nigeriyalik firibgarlar ayolga ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilib, katta kompaniya egasi vafot etgani, ayol esa milliarderning uzoq qarindoshi bo‘lishi ehtimolini bildirgan. Buning uchun ular ayoldan qon analizini jo‘natishni so‘ragan. Agarda analizlar qarindoshlik alomatlarini tasdiqlasa, kompaniya rahbaridan qolgan uch milliard dollarlik meros unga o‘tishini aytgan.
Firibgarlarning yolg‘oniga ishongan ayol ularga qon analizini yuborgan hamda analizni tekshirish uchun firibgarlarga 1000 dollar pulni ham o‘tkazib bergan. Birozdan so‘ng, u haqiqatan ham o‘sha milliarderning qarindoshi bo‘lib chiqqani, minglab odamlarning qon analizlari ichida aynan uniki mos kelgani haqida xabar olgan. Shundan so‘ng, firibfarlar ayolga katta miqdordagi pulni o‘tkazish uchun bankdan hisobraqam ochishi va unda 20 ming dollar pul bo‘lishi kerakligini bildirgan.
Shunday qilib, ayolni chuv tushirish ishlari boshlangan: ayol firibgarlarning ayrim hujjatlarni rasmiylashtirish, advokatlik xizmati va boshqa turli bahonalariga ishonib, bir necha bosqichda ularga 90 ming dollar o‘tkazib bergan. Fuqaroning buncha miqdordagi puli bo‘lmagan. Shu sababli, u o‘z yashab turgan uyini ham sotib yuborgan.
Ma’lum qilinishicha, bunday jinoyatlar uyushgan jinoiy guruh tomonidan amalga oshiriladi. Ularni ochish juda ham qiyin hisoblanadi. Dunyo tajribasida ayni shu turdagi jinoyatlarning 60-70 foizi ochilmasdan qoladi.
LiveBarchasi