Toshkentda narkolaboratoriya tashkil qilgan shaxslar ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent viloyatida narkolaboratoriya tashkil qilgan ikki shaxs ushlandi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Bildirilishicha, Toshkent shahar Uchtepa tumanida 2000 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan va uning yonidan kuchli ta’sir qiluvchi dorilar va sintetik giyohvandlik vositalari topilgan. Shundan so‘ng, tezkor xodimlar tomonidan moddalarning manbasini aniqlashga qaratilgan tezkor tadbir davom ettirilgan.

Gumonlanuvchi shaxs dorilar va sintetik giyohvandlik vositalarini muqaddam sudlangan 1991 yilda tug‘ilgan Jasur ismli shaxsdan olgani aniqlangan.

Xodimlar Toshkent viloyati Chirchiq shahriga borib, Jasur ismli shaxsning yashash manzilini xolislar bilan ko‘zdan kechirganda, mazkur shaxs narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlangan. Katta miqdordagi 42 litr giyohvandlik moddalarini tayyorlash uchun prekursor, 42 gramm giyohvandlik vositasi, 21 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar hamda boshqa daliliy ashyolar topilgan.

Toshkent shahar IIBB Uchtepa tumani IIO FMB va DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir yana davom ettirilgan. Jasur ismli shaxs bilan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida Hamid ismli shaxs ham qo‘lga olingan. U Chirchiq shahrida yashash manzilida katta miqdordagi giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni saqlab kelayotgani aniqlangan. Olingan daliliy ashyolar 435 gramm giyohvandlik va 12 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni tashkil qilgan.

Umumiy hisobda tezkor tadbirlar natijasida taxminan 813 716 AQSH dollarlik giyohvandlik va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar tarqalishiga chek qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida marixuana yetishtirish uchun laboratoriya tashkil qilgan fuqaro ushlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing