Toshkentda narkokurerlarni ushlagan inspektorga mayor unvoni berildi (video)
Jamiyat
−
10:33 6397 1 daqiqa
Toshkent shahrining Chilonzor tumanida narkokurerlar faoliyatiga chek qo‘ygan profilaktika inspektoriga mayor unvoni berildi. Bu haqda Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
Voqea tezkor-profilaktik tadbirlar doirasida sodir bo‘lgan. 13 mart kuni Xirmontepa mahallasi profilaktika inspektori, kapitan Laziz Abdukarimov ko‘chada shubhali harakatlanayotgan ikki nafar shaxsni tekshirish maqsadida to‘xtatgan.
Biroq, gumonlanuvchilar xodimning qonuniy talabiga bo‘ysunmay qochishga uringan. Profilaktika inspektori ulardan birini quvib yetib, ushlagan. Xolislar ishtirokida tekshiruv o‘tkazilganda, uning yonidagi sumkadan 59 ta zip-paketga qadoqlangan 295 dona “pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan.
Tezkor surishtiruv davomida qo‘lga olingan shaxs mahalla hududidagi bir nechta joylarga ko‘mib qo‘ygan hamda geolokatsiya orqali belgilab ketgan dori vositalari ham aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchining qochib ketgan sherigi ham Shayxontohur tumani hududida qo‘lga olingan. Uning yonidan ham tarqatish uchun tayyorlangan 35 dona kuchli ta’sir qiluvchi kapsula topilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining Vobkent tumanida Ichki ishlar boshqarmasi (IIB) profilaktika inspektori o‘zini daryoga tashlagan ayolni qutqarib qolgani uchun mayor unvonini olgandi.
Live
Barchasi