Toshkentda moliyaviy piramida tashkil etib, odamlardan $3 mln o‘zlashtirgan “treyder” ushlandi

3-sahifa

image

DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini treyderlik bilan shug‘ullanayotganini aytib, moliya-iqtisod sohasida yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmagan fuqarolarni ishonchiga kirgan holda, ularning shaxsiy mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirib kelgan mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyatiga chek qo‘yildi.

Qayd etilishicha, 1995 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 2020 yilda Toshkent shahrida “Realnaya Investitsiya” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgan va mijozlar topish maqsadida Telegram hamda Instagram’da guruh ochib, targ‘ibot ishlari olib borgan.

MCHJ rahbari mijozlardan 15 ming AQSH dollaridan 200 ming AQSH dollarigacha bo‘lgan miqdorda pul mablag‘larini qabul qilib olgan hamda ularga har oyda kamida 10 foizdan foyda berishni vada qilib, ushbu foydani yangi jalb qilingan fuqarolarning pul mablag‘lari hisobidan to‘lab kelgani aytilmoqda.

Hozirgi kunda MCHJ rahbarining 100 nafar atrofidagi shaxslardan jami 2,5-3 mln AQSH dollari miqdorida qarzdorligi mavjud.

Ta’kidlanishicha, MCHJ rahbari noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini bir nechta ko‘chmas mulklar va qimmatbaho avtomashinalar xarid qilish orqali legallashtirgan.

Hozirda holat yuzasidan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, MCHJ rahbariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168, 178, 179, 184, 1881, 189 va 243-moddalarini qo‘llagan holda mazkur jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Hurmatli fuqarolar “Realnaya Investitsiya” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi”, deyiladi DXX xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

treyder

Baholaganlar

558

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar