Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik vaksinalar ombori ochildi
Jamiyat
−
20 noyabr 2021
3687Bugun, 20 noyabr kuni Jahon bolalar kunida UNICEF Markaziy Osiyodagi eng yirik vaksinalar omborini O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirdi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berilgan.
Mazkur ombor saqlash temperaturasi turlicha bo‘lgan katta miqdordagi vaksinalarni saqlashga mo‘ljallangan.
“Bolalar salomatligi va kasalliklarning oldini olish O‘zbekiston hukumatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblangani bois bunday masshtabdagi sovuqlik omborining ochilishi juda vaqtida bo‘ldi. Ushbu ombor butun milliy emlash dasturi uchun logistika markaziga aylanib, vaksinalarni yetkazib berish va ularni boshqarish uchun imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Xalqaro hamkorlarimizga, birinchi navbatda UNICEF’ga O‘zbekistonda sovuqlik zanjiri tizimini mustahkamlashda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildiraman”, degan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev.
Respublika vaksinalar omborida hozirda mavjud bo‘lgan barcha turdagi vaksinalarni saqlash mumkin. U deyarli 1000 m kv uchta sovuqlik kamerasi (2-8 ° C), ultrasovuq sovutgichlar (3000 l hajmli) va muzlatgich xonalar (40 m kub) bilan jihozlangan bo‘lib, immunizatsiya uchun zarur materiallar saqlanadigan 1000 m kv quruq omborga ham ega. Omborxona yuklarni tez va samarali boshqarish uchun elektr yuk ko‘targichlar, dok naveslari, tekislash platformalari va ko‘tarish mexanizmlari bilan jihozlangan.
“Yaxshi ishlaydigan ta’minot tizimi va sovuqlik zanjiriga ega bo‘lish samarali milliy immunizatsiya dasturi uchun juda muhimdir”, deya ta’kidladi UNICEF’ning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan.
Qayd etilishicha, 2017 yildan buyon UNICEF O‘zbekiston bo‘ylab jami 21 ta vaksina ombori qurilishida yordam berdi. UNICEF sovutgichli yuk mashinalari, vaksinalar uchun konteynerlar va sovuqlik kameralarini yetkazib berdi, xodimlarni o‘qitish hamda ob’ektlar ekspluatatsiyasi bo‘yicha zarur qo‘llanma va ko‘rsatmalarni ishlab chiqishda ko‘maklashdi.
LiveBarchasi