Toshkentda kuniga 20 tonnadan ortiq paxta tera oladigan traktor ishlab chiqarildi

Jamiyat

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumi boshlandi. Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi paxtakorlar ishini yengil qilish maqsadida yangi SE-220 rusumli paxta terish mashinalarini ishlab chiqardi. QALAMPIR.UZ ushbu yangi texnikalar bilan tanishish maqsadida Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida bo‘ldi. 

Prezident Shavkat Miriyoyev tashabbusi bilan zamonaviy, yuqori samarali paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish va terimni mashinada tashkil etish hisobiga paxta terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish maqsadida 2020 yil 14 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika hududlarida paxta hosili terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 21-son qarori qabul qilindi.

Hozirda zavodda 492 dona (shundan, 192 dona SE-220 rusumli, 300 dona MX-1.8 rusumli) paxta terish mashinalari ishlab chiqarilib, shundan, 106 dona SE-220 rusumli paxta terish mashinalari qishloq xo‘jaligi korxonalariga yetkazib berilgan. 

SE-220 rusumli paxta terish mashinalari transformer shaklida ishlab chiqarilayotgan bo‘lib, mavsumda paxta terish mashinasi sifatida qolgan davrlarda universal-haydov traktori sifatida foydalanish imkonini beradi. Shu bilan birga, mashina terimiga ajratilgan dalalarning qatorlar orasi kengligiga mos ravishda (76 sm yoki 90 sm) paxta terish mashinasi agregati kengligini sozlash imkoniyati mavjud.

“Bu traktorning avvalgi paxta terish mashinalaridan farqi, bu gorizontal shpindelli paxta terish mashinasi hisoblanadi. Agar agrofon yaxshi tayyorlangan bo‘lsa, kuniga 20 tonnadan ortiq paxta terish imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu esa 400 ziyod odamni og‘ir mehnat qilishdan ozod qila oladi.

Ushbu mashinada turli moslamalar mavjud. Paxta terish mavsumi tugaganidan so‘ng traktor paxta terish mashinasidan ajratib olinadi va 110 ot kuchiga ega TD5 traktoriga aylanadi. Bu esa undan dalaning boshqa ishlarida ham foydalansa bo‘ladi degani. 

Agar paxta ushbu mashinada terilsa, uning sifati oz bo‘lsa-da o‘zgaradi. Bunda dalaga yaxshi ishlov berilmagani, barg qolgani sabab bo‘lishi mumkin.

Traktorning yoqilg‘i sarfiga ham alohida to‘xtalib o‘tish zarur. U soatiga barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha 13,8 litr yoqilg‘i sarflaydi.

Haydovchi traktorni boshqarish uchun o‘qitiladi. Zavodni o‘zida maxsus o‘qitish tizimi tashkil qilingan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklariga borib ko‘rsatmalar berishimiz mumkin”, deydi Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi Bosh texnologi Murod Ergashev      

Qayd etilishicha, tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan past foizli kredit mablag‘lari hisobiga SE-220 rusumli paxta terish mashinalari 10 yil muddatga, MX-1.8 rusumli paxta terish mashinalari esa 7 yil muddatga ustuvor ravishda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

paxta SE-220

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing