Toshkentda kuchli portlash bo‘ldi. Jarohatlanganlar bor (video)
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
5950828 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV xabar berdi.
Unga ko‘ra, tungi soat 02:43 da yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga ma’lumot tushgan.
Shundan so‘ng, 16 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji va 3 ta avtonarvon soat 02:48 da hodisa ro‘y bergan hududga yetib borgan.
"Vaziyat to‘liq nazoratda. Yong‘in soat 05:02 da qurshab olingan.
Yong‘in maydoni qisqartirilib borilmoqda. Voqea joyida dastlabki daqiqalardan boshlab FVV rahbariyati hamda kuch va vositalari, shuningdek, tegishli tashkilotlar xodimlari ish olib bormoqda. Yong‘in kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida FVVning maxsus laboratoriyasi hodisa joyida ish olib bormoqda. Voqea joyida FVV rahbarligida shtab tashkil etilgan", deyiladi FVVning bu to‘g‘ridagi keyingi ma’lumotlarida.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda kuchli portlash ovozini eshitish mumkin. Portlash oqibatida yaqin atrofdagi xonadonlarga zarar yetgani aytilmoqda. Savdo va boshqa markazlar jiddiy zarar ko‘rgan. Xonadonlarga tez yordam mashinalari yetib borgan.
FVV hodisa "Samolyot qulashi oqibatida sodir bo‘lgan" mazmunidagi xabarlarni rad etgan.
SSVga ko‘ra, portlash oqibatida jarohatlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filialiga olib kelingan.
"Portlash oqibatida jabrlanganlar orasida o‘ta og‘ir ahvoldagilari yo‘q. Shifokorlar tomonidan jarohatlanganlarga barcha kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda", deyiladi xabarda.
Shuningdek, davolash muassasalarida tezkor tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifokorlar va barcha zarur dori-darmon zaxirasi yaratilgani aytilgan.
Uzbekistan Airports esa Toshkentdagi portlash poytaxt aeroporti faoliyatiga ta’sir qilmaganini bildirgan.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi