Toshkentda xizmat vaqti uxlagan “GAI” ishdan olindi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2021
40433Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video o‘rganilib, mas’uliyatsizligi sabab xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodim ichki ishlar organlaridan bo‘shatildi.
Ijtimoiy tarmoqda Toshkentda Yo‘l-patrul xizmati xodimi xizmat vaqtida uxlab yotgani haqida xabar va video tarqalgandi. Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazib, natijalarini e’lon qildi.
O‘tkazilgan xizmat tekshiruviga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi A.Jo‘raqulov xizmat faoliyati davomida intizomiy jazolanganligi, yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilganiga qaramasdan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmay, xizmat davomida turli nomaqbul harakatlarga yo‘l qo‘ygan.
U Ichki ishlar vazirining ayrim me’yoriy buyrug‘i talablarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan "Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom"ning 144-bandi, "k" kichik bandiga (ichki ishlar organi xodimining sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi) muvofiq ichki ishlar organlaridan bo‘shatilishi haqida qaror qilingan.
Shuningdek, ushbu xodimning bevosita komandirlari intizomiy jazolanishi bo‘yicha xulosa qilingan.
LiveBarchasi