Toshkentda karantin qoidalariga zid to‘y qilgan fuqaroga chora ko‘rildi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2020
52983Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qaroriga zid ravishda to‘y o‘tkazgan fuqaroga nisbatan chora ko‘rdi. Bu haqda IIV xabar bermoqda.
“Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik qatnashgan to‘y videosi tarqamoqda. Mazkur holat Toshkent shahar IIBB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganildi. Mazkur video 9 sentyabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanida olingan bo‘lib, u yerga 29 yoshli Ahmadjon T. kuyov sifatida o‘rtoqlari bilan kelgan. Bundan tashqari, Ahmadjon T. to‘yini Shayxontohur tumanidagi uyida tashkillashtirgan va to‘yga 40 nafardan oshiq mehmonlar kelishgan”, deyiladi xabarda.
Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 15 avgustidan to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berildi.
IIVning qayd etishicha, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunning 31-moddasiga muvofiq, marosim o‘tkazilishidan avval profilaktika inspektori marosim o‘tkazayotgan xonadon egasini rasman ogohlantirishi lozim. Belgilangan talablarni buzgan shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarni buzish), ya’ni karantin qoidalariga rioya qilmay, koronavirus infeksiyasini tarqalishiga sababchi bo‘layotganligingiz uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solinishiga yoki ushbu xatti-harakat og‘ir oqibatlarga, jumladan epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa, Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish)ga asosan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.
Joriy yilning 28 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimlar, sektor rahbarlari hamda mutasaddi idoralar xodimlari har bir mahallada, jamoat joylari, transport va korxonalarda sanitariya talablari bajarilishi bo‘yicha temir intizomni ta’minlashi zarurligini aytib o‘tgandi. Ayniqsa, to‘y-marosimlarni bir necha kun davomida yoki bir kunda 3-4 marta o‘tkazish holatlariga chek qo‘yish kerakligi alohida ta’kidlangan.
LiveBarchasi