Toshkentda qurilish tufayli 500 dan ortiq daraxt ko‘chirilishi mumkin
Jamiyat
−
29 Sentabr 2023
4318Toshkent shahrida 500 dan ortiq daraxt ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 sentyabr kuni Yakkasaroy tumani hududidagi Bobur ko‘chasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bilan bog‘laydigan hamda Sodiqjon Tolipov ko‘chasiga tutash yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi loyihasi doirasida daraxtlarni ko‘chirish masalasi muhokama qilingan.
Loyiha doirasida daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha “Ko‘prik qurilish” aksiyadorlik jamiyati tomonidan, Davlat xizmatlari markazi orqali Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga murojaat kelib tushgan. Mazkur loyihaning birinchi bosqichi 2023 yil noyabr oyida yakunlanishi va yo‘l harakati qisman yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytdagi yo‘l o‘tkazgich sutkasiga 36 000 ta avtomobil o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, amalda soatiga 1500 ta avtomobil harakati uchun xizmat ko‘rsatadi. Qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich esa soatiga 6 000 ta avtomobil o‘tkaza olishi, ya’ni sutkasiga 144 000 ta avtomobil harakatini ta’minlay oladi. Bu esa tirbandlikning oldini oladi hamda havoga chiqadigan chiqindi gazlarini 4 barobargacha kamaytiradi.
Dastlab 1,4 mingta daraxt va butalarni ko‘chirish rejalashtirilgan, chunki loyiha xiyobon hududining bir qismini ham o‘z ichiga olgan. Loyiha dizayni o‘zgargach esa ko‘chirilishi kerak bo‘lgan daraxtlar soni kamaygan. Ayni damda birinchi bosqichda 69 ta daraxtni ko‘chirish rejalashtirilgan, jami esa 500 dan ortiq daraxt ko‘chirilishi mumkin. Har bir ko‘chirilgan daraxt uch yil davomida parvarish qilinadi.
Har bir ko‘chirilgan daraxt o‘rniga 10 tupdan ko‘chat o‘tqazilishi, ular maxsus o‘g‘itlar yordamida parvarishlanishi aytib o‘tilgan. Muhokamada qatnashgan Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev bu jarayonni Ekologiya vazirligi nazorat qilishini ta’kidlagan.
LiveBarchasi