Toshkentda qora “maska”lilar 10 ta qarag‘ayni arralab ketgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
13 yanvar 2022
5940Avvalroq, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida 18 dona eldor qarag‘aydan 10 tupi noma’lum kimsalar tomonidan tunda arralab ketilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan tuman prokurori o‘rinbosari Saidkarim Muxtarov munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, noma’lum kimsalar tomonidan tunda 10 ta daraxt yarmigacha arralab ketilgan. Ekologlar esa ushbu daraxtlarni quritmasdan saqlab qolish maqsadida Botanika instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda agrotexnik tadbirlarni olib borib, ularni asrab qolish choralarini ko‘rgan.
O‘rganishlar davomida diametri 28, 26,7, 37, 18, 27,7, 25, 23,8, 21, 18,7 va 22,2 santimetrli daraxtlar arralangani aniqlangan. Biroq oradan ma’lum vaqt o‘tib, qora niqobdagi kishilar yana 4 ta daraxtni kesib, voqea joyidan qochib qolgan.
Saidkarim Muxtarovga ko‘ra, Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasida kesilgan 10 ta qarag‘ay sabab o‘simlik dunyosiga 83 million so‘m zarar yetgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi