Toshkentda qalbaki pullar ishlab chiqargan jinoiy guruh ushlandi
3-sahifa
−
12:04
3826Toshkent viloyatida yashash xonadonida 100 ming so‘mlik kupyura yordamida 28 mln 300 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni tayyorlagan jinoiy guruh ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi 1999 yilda tug‘ilgan shaxs fuqaroga 3 ming AQSH dollari evaziga 6644 dona 20 ming so‘mlik kupyuradagi jami 132 mln 880 ming so‘mga teng bo‘lgan qalbaki pullar, 2 dona alyuminiy six, qalbaki pullarni o‘rashga mo‘ljallangan qog‘oz bog‘lagich va yelim xaltalarni sotayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ushbu tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxs ushbu qalbaki pullarni Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yashovchi boshqa bir shaxsdan sotib olganligi ma’lum bo‘lgan.
Aniqlanishicha, Ohangaron tumanida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro 1993 yilda tug‘ilgan shaxs bilan jinoiy til biriktirib, ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olgan. U yerda rangli chop etish moslamalaridan foydalangan holda, 100 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni ishlab chiqarayotganligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu xonadondan 1 dona chop etish qurilmasi, 28 mln 300 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullar, 400 ming so‘m chop etishda ishlatiladigan 100 ming so‘mlik haqiqiy pullar, qog‘oz pullarni qirqish uchun dastgoh, qalbaki pullarni bog‘lash uchun mo‘ljallangan qog‘oz bog‘lagich va yelim xaltalar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) 2-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni tayyorlagan shaxslar qo‘lga tushgandi.
LiveBarchasi