Toshkentda issiqlik tizimi 10 noyabrdan yoqiladimi?
Jamiyat
−
31 Oktabr
4660Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida issiqlik tizimi 10 noyabrdan yoqilishi haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ bu bo‘yicha mas’ul “Veolia Energy Tashkent” tashkiloti bilan bog‘lanib, mazkur xabarga aniqlik kiritdi.
Tashkilot mas’ul xodimining aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan mazkur xabarlar haqiqatga zid. Ayni paytda tashkilot Toshkent shahrida issiqlik tizimini yoqish uchun Toshkent shahar hokimining qarorini kutmoqda.
“Toshkentda qachon issiqlik tizimi yoqilishini Toshkent shahar hokimi hal qiladi. Biz uning qarorini kutyapmiz. Ayni paytda hokimlik qaror qabul qilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarish vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O‘zgidromet)dan ob-havo prognozi hisobotini tayyorlashni so‘ragan. Agar O‘zbekistonda ketma ket besh kun davomida havo harorati +8 darajadan past bo‘ladigan bo‘lsa, issiqlik tizimi yoqiladi,” dedi tashkilot matbuot kotibi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Toshkent shahrida issiqlik tizimining yoqilishi har yil har xil sanada amalga oshiriladi va bu yuqorida aytib o‘tilgandek, havo haroratiga bog‘liq.
Shuningdek, “Veolia Energy Tashkent” tashkiloti matbuot kotibi yolg‘on ma’lumotlarga ishonmaslikni, bu bo‘yicha aniq ma’lumot tez kunda e’lon qilinishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Toshkent shahrida 6 noyabrdan ko‘p qavatli turarjoy binolari issiqlik energiyasi bilan ta’minlangan edi. 2022 yilida esa Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarda isitish tizimi yoqilishi 24 oktyabridan boshlagan. 2021 yilda esa bu jarayon 12 oktyabr sanasida amalga oshirilgan.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi