Toshkentda ishga shippakda kelgan haydovchi kaltaklandi

3-sahifa

image

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “4-avtobus saroyi”da ishlovchi haydovchilardan biri ish joyiga “tapochka”da kelgani uchun kaltaklangani aytilyapti. Bu haqda jabrlangan erkakning rafiqasi “Milliy” telekanalining “Millar” ko‘rsatuviga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 14 iyul sanasida sodir bo‘lgan. Erkak ish joyiga shippakda kelganidan so‘ng muassasa texnik muhandisi u bilan suhbat o‘tkazgan. Suhbat jarayonida janjal kelib chiqib, haydovchi kaltaklangan. Korxona huquqshunosining aytishicha, jabrlanuvchi ichki tartib-qoidalarni buzgan.

“Texnik muhandis u bilan suhbatlashayotganda o‘zaro janjallashib, haqoratlagan. Haydovchi muhandisni shaxsiy transport vositasiga o‘tkazib, korxona hududidan tashqariga olib chiqib ketgan. U yerda nima bo‘lgani bizga noma’lum. Ma’lum vaqtdan so‘ng, haydovchining akasi va ularning bir nechta tanishlari mast holatda kelib, muhandisni ham haqoratlagan", deydi huquqshunos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, janjal paytida texnik muhandisning ham burni va tishi singan.

Haydovchining ayoli esa eri o‘sha kuni ichmagani, ishga kelganida bir necha kishi tomonidan kaltaklangani, muassasa rahbariyati esa kamera yozuvlarini ochiqlashdan bosh tortayotganini iddao qilmoqda.

Ayolning aytishicha, turmush o‘rtog‘i yuzidan jiddiy jarohat olgan, miyasi chayqalgan va jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.

Ta’kidlanishicha, kaltaklangan haydovchi taxminan bir oy muddat davomida ishga chiqolmaydi.

Shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat yuzasidan bergan munosabatiga ko‘ra, hozirda tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Fuqaroga yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent haydovchi shippak

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing