Toshkentda inson a’zolari savdosi bilan shug‘ullangan talabaga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
09 Oktabr
24544Toshkent shahrida inson a’zolari oldi-sotdisida ayblangan talaba yigit jazolandi. QALAMPIR.UZ sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 2003 yilda tug‘ilgan yigit mo‘may daromad orttirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarga inson a’zolarini sotib olishi haqida e’lon joylashtirgan. U tarqatgan e’lonlarida buyrakni 38 ming, jigarni 43 ming hamda suyak iligini 23 ming dollarga olishini bildirgan.
Ushbu e’londan so‘ng unga a’zolarini sotmoqchi bo‘lganlar aloqaga chiqa boshlagan. Yigit shunday fuqarolardan biriga bitta buyragini 38 ming dollarga sotib olishini aytgan.
U sheriklari Germaniyada ekani, buyrakni ko‘chirib o‘tkazish o‘sha yerda amalga oshirilishini va buning uchun ushbu davlatga borish kerakligini aytgan. Yigit fuqarodan safar uchun oldindan 350 dollar berishni so‘ragan.
U 26 aprel kuni Shayxontohur tumani hududida fuqarodan kelishilgan pulni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan. Unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Talaba sudda bu ishni pulga muhtoj bo‘lib qolgani sabab qilganini, aslida Germaniyada hech qanday tanishlari yo‘qligini, 350 dollarni ehtiyojiga ishlatib, keyin qaytarib bermoqchi bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, u akasi, singlisi va o‘zi talaba ekanini, barchasi kontrakt asosida o‘qishlarini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida ko‘rilgan sud majlisida 21 yoshli yigit Jinoyat kodeksi 25- (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 133-1-moddasi 1-qismida (inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilib, 3 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.
LiveBarchasi