Toshkentda “uchastkoviy” 13 yashar bolani kaltaklab, mashinaga “bosib” olib ketdi

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida profilaktika inspektori yarim kechasi 13 yoshli bolani ushlab, qo‘llarini qayirib, o‘zining Matiz rusumli avtomobiliga sudrab ketayotgani aks etgan video va xabar tarqaldi. Profilaktika inspektorining avtomobili raqami boshqa hududga tegishli bo‘lgan.

Bola tabiiy ravishda odamlarni yordamga chaqirib, vahima ko‘targan. Yon atrofda yashovchi odamlar bolaning ovozini eshitib ko‘chaga chiqqan. Profilaktika inspektori bu bola yarim kechasi boshqalarning uyiga kirib yurganini aytgan.

Yig‘ilgan fuqarolardan biri bolaning onasiga qo‘ng‘iroq qilgach, inspektor bolani mashinasida, noma’lum tomonga olib ketgan. Avtomobilga atrofdagi fuqarolardan biri ham chiqib olgan. Holatni suratga olib turgan fuqaro mashinaning ortidan borgan.

Profilaktika inspektoriga yordamga kelgan bir guruh esa vaziyatga sodda qilib: “bu yerda shovqin solish kerakmas” deb izoh bergan.

Bola qo‘yib yuborishgach, profilaktika inspektori uni urib, tepkanini aytdi. U axlat tashlaydigan joy tarafdan kelayotgan bo‘lgan. Inspektor uni savolga tutgach, qo‘rqib, boshqa uy pod’ezdiga kirib ketgan. Ichki ishlar xodimi esa uni ta’qib qilib, keyinroq mashinasiga sudray boshlagan.

Hozirda holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv boshlangan. IIBB Matbuot kotibi Irina Sayfutdinovaning ma’lum qilishicha, vaziyatni boshqarma boshlig‘i nazoratga olgan. Profilaktika inspektorining xatti-harakatiga prinsipial baho beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

IIB Chilonzor profilaktika inspektori

Baholaganlar

1149

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing