Toshkentda ichki ishlar xodimining formasida tomosha ko‘rsatganlar qamaldi
3-sahifa
−
09 fevral 2021 24484 2 daqiqa
Joriy yilning 6 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xodimining formasida bo‘lgan noma’lum shaxs avtotransport kapotida bo‘la turib yo‘l bo‘ylab harakatlangani aks etgan video tarqaldi.
Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berib, mazkur videolavhani suratga tushirishda qatnashgan kishilarning shaxslari Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan aniqlanganini ma’lum qildi.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, joriy yilning 18 yanvar kuni 24 yoshli Abdurahmon Z. tanishi 24 yoshli Alim K. bilan birga videlavha suratga olish niyatida do‘konlardan birida ichki ishlar organi xodimining formasini ijaraga olishgan. Shuningdek bozordan yo‘l-patrul xizmati xodimining jezliga o‘xshash jezl ham xarid qilishgan. Mazkur shaxslar tanishi 34 yoshli Otabek K.dan “VAZ-2106” (davlat raqami 10 G 603 SA) rusumli avtomobilni vaqtinchalik foydalanish niyatida olishgan, ammo uni boshqarishga huquqlari bo‘lmagan.
Shundan so‘ng, Yunusobod tumani Turg‘unboyev ko‘chasi “Iftixor” mahallasida Alim K. ichki ishlar organi xodimining formasini kiygan holda qo‘lida jezl bilan avtomobil kapotiga yotgan. Shu tarzda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining obro‘ va sha’nlariga zarar yetkazuvchi videolavha suratga tushirilib, internet tarmog‘ida tarqatilgan.
Ikkala shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 209-moddasi prim. 1 (“Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish”) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, Abdurahmon Z.ga nisbatan transport vositasini ishonchnomasiz boshqargani uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil esa jarima maydonchasiga joylandi.
Joriy yilning 8 fevral kuni Yunusobod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan Alim K. va Abdurahmon Z.larga nisbatan besh sutkalik ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.
Live
Barchasi