Toshkentda gul ifori. Bayramda baxtiyorlar (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Odamlarning yuzida kulgi, samimiyat kamayib ketgani haqida gaplar bot-bot qulog‘imizga chalinadi. Rostini aytsam, men ham ba’zan bu fikrlarga qo‘shilib ketaman. Ammo kecha, 7 mart kuni ishdan qaytayotganimda ko‘chada, metro bekatlarida, hatto ishxonada ham odatdagidan boshqacha kayfiyatni his qildim. Axir bu – 8 mart arafasi.

Atrofimda gul tutgan qiz-ayollar, sovg‘asini yaqinlariga ulashishga oshiqqan erkaklar, qo‘lida buket bilan turgan tengdoshlarim... Go‘yo shaharga bir lahzada qaytadan bahor kirib kelgandek. Har kimning yuzida tabassum, ko‘plarning qo‘lida gul, ko‘nglida kimgadir iliq so‘z aytish istagi bor. Shu kuni Toshkentning oddiy ko‘chalari ham bayramona tus olgan.

Garchand bu yil 8 mart yakshanbaga to‘g‘ri kelib, ko‘pchilik uchun ikki hissa dam olish kuni bo‘lsa-da, men kecha ko‘rgan o‘sha iliqlikni bugun kadrlarga muhrlash kerakligini his qildim. Kamerani ko‘tarib, Toshkent ko‘chalariga yo‘l oldim.

Ko‘chada uchragan ayollardan so‘rayman:

– “Gulni kim sovg‘a qildi?”

Javoblar turlicha:

– “O‘g‘lim berdi”,

– “Turmush o‘rtog‘im”,

– “Dugonam sovg‘a qildi”,

– “Hali bermagan, kechqurun berarmikan”, – deya kulganlar ham bo‘ldi.

Eng yaxshi sovg‘a nima ekani haqida so‘raganimda esa javoblar yanada qiziq. Kimdir hazil aralash: “O‘zim eng yaxshi sovg‘aman”, – deydi. Boshqasi gul, pul yoki telefonni aytadi. Ammo ko‘pchilikning fikri bir joyda tutashadi: e’tibor va mehr – eng katta sovg‘a.

Bayram arafasida gul sotuvchilarning ham ishi qizg‘in. Ular bilan ham suhbatlashaman.

– “Savdo qalay, yuryaptimi?”

– “Qayda, odamlarda pul yo‘q”, – deydi biri xo‘rsinib.

Yonida turgan yana bir sotuvchi esa unchalik ham yomon emasligini aytadi:

– “Hozirgacha 1 million 200 ming so‘mlik gul sotdim”, – deydi u.

Uning aytishicha, bugungi kunda donalik lolalar taxminan 30 ming so‘mdan, atirgullar esa 50 ming so‘mdan sotilmoqda. Ayrim xaridorlar bir nechta gul bilan cheklansa, ba’zilar katta buketi bilan uyiga shoshadi.

Yo‘limdan bir kishi chiqdi. Qo‘li kitoblarga to‘la. Qiziqib so‘rayman, ma’lum bo‘lishicha, u sovg‘a uchun kitob olgan. Talaba qizi uchun Xorazmdan kelibdi. Toshkentga kelib, avvalo kitob do‘koniga kirganini aytadi. Rus klassikasidan, diniy adabiyotlargacha.

Shu kichkina suhbat ham bayram kayfiyatini yanada sezdiradi: kimdir atirgul bilan, kimdir lola bilan, yana kimdir esa kitob bilan yaqinlarini xursand qilmoqchi. Bayramning chiroyi ham shunda – har kim mehrini o‘zicha ifodalaydi. 

Ko‘chalarda aylanar ekanman, bir narsani yana bir bor his qilaman: bayramlar odamlarni bir-biridan uzoqlashtirmaydi, aksincha yaqinlashtiradi. Ayollarning qo‘lida faqat gul emas, o‘yinchoq, kitob, shirinlik va hokazo. Balki kundalik hayot tashvishlari orasida biz bunday iliqlikni ko‘p sezmaymiz. Ammo shunday kunlar borki, oddiy bir gul, kichik sovg‘a yoki samimiy tabassum ham odamlarning kayfiyatini o‘zgartirishga yetadi.

Toshkent bugun gul iforiga to‘lgan. Kimdir onasiga, kimdir sevgilisiga, yana kimdir ustozi yoki dugonasiga gul tutgan. Va shu lahzalarda shaharning turli burchaklarida bir xil hissiyot – qadrlash va mehr yashaydi.

Quyidagi kadrlar ana shu lahzalardan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent 8 mart sovg'a gul Xalqaro xotin-qizlar bayrami tabassum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing