Toshkentda fuqarolarni pichoq bilan qo‘rqitgan mast erkak qamaldi
3-sahifa
−
20 aprel 5703 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida mast holatdagi erkak bir necha marta yosh bolalarga pichoq bilan hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 18 aprel kuni soat 19:40 da Shayxontohur tumanining Sebzor ko‘chasida joylashgan avtoturargohlardan birida o‘rnatilgan “tashvish tugmasi” bosilgani haqida IIBB Qo‘riqlash boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan IIO xodimlari tomonidan aniqlanishicha, 1958 yilda tug‘ilgan X.S. mast holatda bo‘la turib, avtoturargoh qorovuli va boshqa fuqarolarni oshxona pichog‘i bilan qo‘rqitib, jamoat tartibini buzgan. So‘ng voqea joyidan qochib, ko‘p qavatli uylardan biriga kirib ketgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida fuqaro X.S. ushlanib, yaqin oradagi IIBga olib borilgan.
IIBB xabariga ko‘ra, X.S. tomonidan pichoq bilan hech kimga tan jarohati yetkazilmagan. Holat yuzasidan X.S.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 185-2-moddasi (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudiga taqdim etilgan. Sud tomonidan ushbu shaxsga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Tarmoqlarda sizdirilgan videoxabarlarda u uyning liftida bolalardan birining boshiga bir necha marotaba urganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, xabarlarda ushbu shaxs Malayziya fuqarosi ekani va bunday holat u tomonidan ko‘p marta sodir bo‘lgani haqida aytilgan. Ammo IIBB bergan xabarda bu bo‘yicha hech narsa qayd etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida 44 yoshli erkakni pichoq bilan qo‘rqitib, 1900 dollarini o‘g‘irlagan 23, 24 va 17 yoshli yigitlar ushlangandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr