Ota-onalar diqqatiga: Toshkentda bolalar orasida O‘RVI tarqalishi kuchaydi
Jamiyat
−
23 noyabr 2023
29462Toshkent shahrida kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinishi ko‘paydi. Buning oqibatida poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar ham ortgan. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, bugun, 23 noyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov mazkur masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan. Unda Toshkent shahridagi barcha klinik shifoxonalar rahbarlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari hamda tez tibbiy yordam xizmati mas’ullari ishtirok etgan.
Vazir shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni tezda kamaytirish, bemor bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga shoshilinch topshiriqlar bergan.
Jumladan, Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilangan.
Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli “103” xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratilgan.
Bundan tashqari, joriy yil 25 noyabrdan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta to‘liq jihozlangan “Isuzu” rusumdagi avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratilishi aytib o‘tilgan.
Aytilishicha, poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha bo‘lgan muddatda chaqiruv bo‘yicha tibbiy brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
“Mazkur brigadalar “103” xizmati xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, uyda qoldirilgan yoki shifoxonaga yotqizilmasdan uyga qayta olib kelingan va ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlar ro‘yxati aniqlanib, ko‘rsatma asosida onlayn va joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deyiladi xabarda.
SSVning bildirishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda O‘RVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning ma’lum qismi statsionar davoga muhtoj emas.
“Shu sababli yig‘ilishda oilaviy poliklinika shifokorlariga o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, birlamchi tizimdagi kunduzgi statsionarlarda kasallikka chalingan bolalarning kuzatuvini olib borish, zarur bo‘lganda shu yerning o‘zida kerakli davo muolajalarini amalga oshirish bo‘yicha ham tegishli vazifalar belgilangan.