Prezident farmoni bilan yangi EIZ tashkil etildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Qashqadaryo viloyatining ishlab chiqarish va resurs salohiyatini kompleks rivojlantirish, mineral xom ashyo va qishloq xo‘jaligi resurslarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologik va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda shu asosda viloyatning eksport salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda hudud aholisi farovonligini oshirish maqsadida:

1. Qashqadaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida “Chiroqchi” erkin iqtisodiy zonaсини (keyingi o‘rinlarda – “Chiroqchi” EIZ) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar “Chiroqchi” EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:

tashqi bozorlarda talab etilayotgan va import o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;

viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatlaridan kompleks hamda samarali foydalanishni ta’minlash;

mahalliy xom ashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari o‘rtasida va umuman respublikada sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish;

viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish va ularning eksport hajmini oshirish;

logistika xizmatlari ko‘rsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, sanoat sohasidagi ishlab chiqarish sub’ektlariga ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini tashkil etishda ko‘maklashish;

ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish va ularning xulosalari xalqaro darajada e’tirof etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

“Chiroqchi” EIZning soha kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish, shu jumladan, ularning “Chiroqchi” EIZda joylashgan hududdagi tashkilotlarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashida qatnashish.

3. Belgilansinki:

“Chiroqchi” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati 30 yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin;

“Chiroqchi” EIZ faoliyati davomida uning hududida alohida soliq, bojxona va valyuta tartibotlari amal qiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 26 oktyabrdagi PF–4853-son “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni 3, 4 va 5-bandlari qoidalari “Chiroqchi” EIZ ishtirokchilariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

4. Qashqadaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining:

Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi DUKni “Chiroqchi” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish, shuningdek, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini qurish hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha buyurtmachi etib;

“O‘zshaharsozlikLITI” DUKni “Chiroqchi” EIZning bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha bosh loyihalash tashkiloti etib belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda:

bir oy muddatda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari hududidan “Chiroqchi” EIZning chegaralarini aniqlash, ularni kelgusida kengaytirish va “Chiroqchi” EIZ faoliyatini tashkil etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritsin;

uch oy muddatda “Chiroqchi” EIZning bosh rejasi ishlab chiqilishini hamda belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta’minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Transport vazirligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Chiroqchi” EIZ ishtirokchilariga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun logistika markazlarini hamda bojxona postini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Bojxona organlari o‘z faoliyatini erkin iqtisodiy zona direksiyasi va logistika markazlari binolaridagi alohida ajratilgan xonalarda ijara to‘lovlarisiz olib borishlari inobatga olinsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qashqadaryo viloyatining mavjud mineral xom ashyo resurslarini inobatga olgan holda, import tarkibini har tomonlama tahlil qilish asosida “Chiroqchi” EIZ hududida import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar turlari ishlab chiqarish tashkilotlarini joylashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, tasdiqlanishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Chiroqchi” EIZ hududida yer osti suv zaxiralari mavjudligini o‘rganib chiqib, undan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “O‘ztransgaz” AJ “Chiroqchi” EIZ hududini, shuningdek, uning ishtirokchilari ishlab chiqarish maydonlarini tashqi yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan kafolatli ta’minlash choralarini ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi:

Qurilish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Chiroqchi” EIZ hududida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillar uchun Investitsiya dasturini shakllantirishda “Chiroqchi” EIZning belgilangan tartibda tasdiqlangan bosh rejasi asosida transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda zarur markazlashtirilgan investitsiyalar ajratilishini nazarda tutsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining buyurtmalariga ko‘ra “Chiroqchi” EIZda amalga oshiriladigan loyihalarni tashkil etish bo‘yicha ishga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun O‘zbekiston Respublikasiga ko‘p martalik kirish vizalarini konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Chiroqchi” EIZda amalga oshiriladigan loyihalarni tashkil etish bo‘yicha ishga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarni yashash joyi bo‘yicha hisobga olinishi hamda uning muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi

Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari E.M.Ganiyev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 13 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

farmon EIZ

Baholaganlar

7

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing