Toshkentda bemor va uning ikki do‘sti shifokorlarni do‘pposladi
3-sahifa
−
27 iyul
7511Bugun, 27 iyul kuni Toshkent shahrida 27 yoshli bemor va uning do‘stlari shifokorlarni do‘pposladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugun soat taxminan 07:20 larda 1-son shahar klinik shifoxonasi qabul bo‘limiga 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro B.I. ikki nafar o‘rtog‘i – P.I. va S.B.lar hamrohligida olib kelingan.
Bemor zudlik bilan navbatchi travmatolog-shifokor A.A. tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Dastlabki tekshiruv davomida unga “ikkala qo‘l-bilak sohalari, ko‘krak qafasi va qorin oldi devorining ko‘plab kesilgan jarohatlari, gemorragik shok 2-3-daraja“ tashxisi qo‘yilgan.
Shuningdek, bemorning holati og‘ir, shok holatida deya baholanib, zudlik bilan qon to‘xtatish va shokka qarshi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan hamda qo‘shma shikastlanishlar shoshilinch bo‘limining mikroxirurgiya o‘rniga gospitalizatsiya qilingan. Tanadagi ko‘plab kesilgan jarohatlar inobatga olinib, u darhol xirurgik amaliyot o‘tkazish maqsadida mikroxirurgiya operatsiya xonasiga olib kirilgan. Xirurgik amaliyotga tayyorlash vaqtida bemor shifokor-mikroxirurg M.X.ga jiddiy qarshilik ko‘rsata boshlagan va tibbiyot xodimiga tarsaki tushirib, uni haqorat qilgan va operatsion stoldan tushib, shifokorni qattiq do‘pposlay boshlagan.
Shundan keyin shifokor M.X. ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat yuzasidan navbatchi qismga ma’lumot bergan. So‘ng shifokor M.X. bemorning o‘rtoqlari – P.I. va S.B.lar tomonidan ham kaltaklangan. Shu vaqtda shoshilinch xirurgiya bo‘limining navbatchi shifokori H.U. bemorga xirurgik amaliyotni bajarish uchun operatsion blokka kelgan. P.I. va S.B.lar bu tibbiyot xodimini ham ayovsiz do‘pposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda shifokor hushidan ketib, karaxtlik-koma holatiga tushgan va zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. O‘tkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlar davomida jabrlanuvchi shifokorga “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi o‘rta darajasi. 3-bel umurtqasi chap yon qanotining yopiq sinishi. Bosh peshona qismi terisining shilingan jarohati. O‘ng tomonlama lab burchagining yorilishi” tashxisi qo‘yilib, shoshilinch reanimatsion chora-tadbirlar ko‘rilgan.
O‘tkazilgan davo muolajalari natijasida shifokorning holati biroz ijobiy tomonga o‘zgarib, hushiga kelgan va shok holatidan chiqarilgan. Ammo unda hali ham karaxtlik mavjud. Shu bois davo muolajalari jonlantirish bo‘limida davom ettirilmoqda.
Ikkinchi shifokor M.X.ning holati hozir nisbatan qoniqarli, lekin olgan bosh miya jarohati va ruhiy holati keskin yomonlashgani inobatga olinib, shifoxonaning qo‘shma jarohatlar bo‘limi travmatologiya qismiga gospitalizatsiya qilingan va kerakli tibbiy muolajalar ko‘rsatilyapti.
“Ayni paytda mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan. Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 26 yoshli yigit chaqiruv bo‘yicha kelgan tez tibbiy yordam shifokorini kaltaklagandi.