Toshkentda belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlar jazolanmoqda
Jamiyat
−
11:52
1028Toshkentda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hokimlik shaharliklar murojaatlarini diqqat bilan tinglab, poytaxtda tozalikni saqlash uchun qat’iy choralar ko‘rmoqda.
Huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi ommaviy reydlar o‘tkazilmoqda. Ularga nisbatan amaldagi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq jazo choralari qo‘llaniladi.
Qoidabuzarlarga Ma’muriy javobgarlik kodeksiga muvofiq jarima solinmoqda. Kodeksning 91−1-moddasiga ko‘ra, (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish) bunday qoidabuzarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming so‘mdan 1 million 125 ming so‘mgacha), takroran sodir etilganda esa 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 million 875 ming so‘mdan 3 million 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Shaharda tozalik va tartib har bir fuqaroning mas’uliyatidir. Biz aholini qoidalarga rioya qilishga, atrof-muhitni hurmat qilishga va ona shahrining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiramiz. Toshkent – barchamizning umumiy uyimiz. Uni birgalikda tozaroq qilaylik!” deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda bir xonadonga 3 qop chiqindi limiti qo‘yilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Toshkent shahar hokimligi esa ushbu ma’lumotlar mutlaqo asossiz ekanini, bugungi kunda shaharda maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaganini bildirdi.
LiveBarchasi