Toshkentda yo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi
Jamiyat
−
13:32 2118 2 daqiqa
Toshkent shahrida joriy yilning 1 sentyabridan avtobusga chiqish vaqtida yo‘lkira to‘lash majburiy bo‘ladi. Bu haqda kecha, 3 iyun kuni hukumatning “Shahar yo‘lovchi transporti tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, haydovchi bilan birga 60 kishi yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan M3 toifadagi (III sinfga mansub bo‘lmagan) yangi transport vositalarini (avtobus/elektrobus yoki trolleybuslar) 2027 yil 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, brutto-shartnoma asosida tashkil etilgan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida tushumlar to‘liqligini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 1 sentyabridan boshlab quyidagi tartib joriy etiladi;
- yo‘lovchi tomonidan yo‘lkira haqi avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari (validatorlar) bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:
- transport kartasini validatorga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
- bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida to‘lash);
- ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.
Yo‘lkira haqi mazkur bandda nazarda tutilgan usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmaganda (tasdiqlanmaganda), yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritiladi. Xususan, shahar chetidan 5 kilometrgacha yoki belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharlarning transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejalariga muvofiq ko‘pi bilan 12 kilometrgacha chetga chiquvchi yo‘nalishlar ham endilikda shahar avtobus yo‘nalishlari hisoblanadi.
Bundan tashqari, Transport vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda joriy yilning 1 sentyabriga qadar poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkira haqini to‘lashning integratsiyalashgan tizimini, shu jumladan, “elektropoyezd-avtobus” va “elektropoyezd-metro” jozibador tarif rejalarini joriy qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tez orada avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkindigi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi