Toshkentda aholi “svet” so‘rab, janjal ko‘tardi
3-sahifa
−
14 yanvar 2023
31535Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda elektrda uzilishlar bo‘layotganidan shikoyat qilib, elektr tarmoklari korxonasida to‘plangan aholining janjali aks etgan video tarqaldi. Kadrlarda ko‘rinib turibdiki, odamlar korxona mas’ullaridan nega “svet” yo‘qligi haqida so‘rab kelgan, korxona xodimlari esa ularga eshiklarni ham ochmagan.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot rahbari Faxriddin Nuraliyev bilan bog‘langanda, voqea poytaxtning Yunusobod tumani 11-mavzesida sodir bo‘lgani ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, Yunusobod tumanida ayni vaqt elektr tarmoqlarida avariya holatlari kuzatilmoqda. Bu esa tumanda vaqti-vaqti bilan “svet” o‘chishi hamda odamlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.
“Kuchli sovuq tufayli, hatto, gaz bosimi ham tushgan. Shu tufayli odamlarning umidi faqat elektrdan. Yuklamalar ko‘payib ketganligi sabab, tarmoqlar va transformatorlarda uzilish bo‘lyapti. Mas’ullar manzilga kelib to‘planganlarga tushuntirish ishlarini olib bordi. Hozir odamlar tarqagan”, deydi Faxriddin Nuraliyev.
Holat bo‘yicha yana qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari poytaxtning Chilonzor, Uchtepa, Toshkent viloyatining Qibray tumanlarida ham elektrda uzilishlar bo‘layotgani aytilmoqa.
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi