Toshkentda 5 oyda 4 ta terrorchilik guruhi fosh qilindi– IIBB

3-sahifa

image

Joriy yilning yanvar-may oylarida Toshkentda “Islom davlati” (ID) va “Tavhid va jihod katibasi” (TJK) xalqaro terrorchilik tashkilotlari (ushbu tashkilotlar faoliyati O‘zbekiston, RF, AQSH va ko‘plab Yevropa davlatlari hududida taqiqlangan) jangarilariga aloqador 4 ta yashirin guruh, yakka tartibda radikallashib, ekstremistik tashkilot va oqimlar g‘oyalarini targ‘ib qilib kelgan 10 ta “virtual” guruh hamda 250 nafar ekstremistik guruh a’zolari aniqlanib, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

“Mazkur shaxslar yashab turgan manzillarida ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining g‘oyalarini targ‘ib qilish, yangi rekrutlarni (nomzodlar) yollab jangarilar lagerlariga yuborish, terrorizmni moliyalashtirish hamda qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishga undash bilan shug‘ullanib kelganlar”, deyiladi boshqarma xabarida.

Qayd etilishicha, joriy yilning boshida Toshkent shahrida 27 nafar shaxsdan iborat yashirin ekstremistik guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lib, guruhning ayrim a’zolari jangovar harakatlar yuz berayotgan hududlarga borishni rejalashtirgan va xalqaro terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Hozirgi vaqtda IIV Tergov departamenti tomonidan ushbu guruhning 11 nafar a’zosiga nisbatan Jinoyat kodeksining 216, 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida, Toshkent viloyatida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan “A.Sh.” qo‘lga olinib, u Suriya hududidagi faoliyat olib borayotgan TJK xalqaro terrorchilik tashkiloti g‘oyaviy rahnamosi A.Xamrabuvayevning (taxallusi “Axluddin Navkotiy”, Qirg‘iziston fuqarosi) ko‘rsatmasi asosida, Toshkent shahrida yashovchi 9 nafardan iborat yashirin jamoat tashkil etgan bo‘lib, ularning ayrimlari Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, 18-27 yosh oralig‘idagi, ayrimlari maktab o‘quvchilari hisoblangan 10 nafar shaxsdan iborat TJKning 2 ta yashirin guruhi aniqlangan. Ushbu guruhlar faoliyati KTJning Suriyadagi mas’ullaridan biri “Abu Axmad o‘zbekiy” tomonidan boshqarilgan bo‘lib, guruh a’zolari poytaxtdagi ma’muriy binolar, aholi gavjum jamoat joylarida qo‘poruvchilik harakatlari sodir etishni rejalashtirgan hamda terrorchilik tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirib kelishgan.

Kechiktirib bo‘lmaydigan tezkor-tergov tadbirlar natijasida guruh a’zolaridan qo‘lbola portlovchi qurilma tarkibiy qismlari va niqoblovchi buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Guruh a’zolariga nisbatan IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 155, 244-1 va 244-2-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu bilan birga, Suriyada terrorchilik tashkilotlari safida bo‘lib, qidiruvda bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali o‘zlarining O‘zbekistondagi qarindoshlari va yaqin aloqalari orasida yollov ishlarini olib borib, ularni terrorchilik lagerlariga chiqishga chorlab kelayotganligi aniqlanib, noqonuniy harakatlariga barham berilgan.

Jumladan, 2022 yilda xorijiy maxsus xizmatlar bilan hamkorlik natijasida, qidiruvda bo‘lgan 59 nafar jangari va terrorchi-ekstremistik tashkilotlar tarafdorlari qo‘lga olinib, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Ushbu shaxslar chet davlatlarda terrorchilik tashkilotlar safiga yollangan bo‘lib, ularning faoliyatni moliyalashtirish, Suriyadagi jangarilar lagerlariga nomzodlarni yollash va yuborish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, ayrimlari O‘zbekistonda va o‘zlari bo‘lib turgan mamlakatlar hududida qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirib kelgan.

Shu bilan birga, 2022 yilning aprel oyida farg‘onalik, 1995 yilda tug‘ilgan “X.K.” RF hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan. Ushbu shaxs 2014-2015 yillarda Suriyadagi TJK terrorchilik tashkiloti safida jangovar-qo‘poruvchilik tayyorgarligidan o‘tib, Rossiya hududida yashirin guruhlar yaratish, terrorchilik tuzilmalarini moliyalashtirish kanallarini yo‘lga qo‘yish uchun tashkilot yetakchilari Sh.Sh. va K.Sh. tomonidan yuborilgan. X.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-2 va 155-3-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘rilgan choralar natijasida, TJKning qidiruvda bo‘lgan Turkiyadagi jangarisi – Samarqand viloyatidan bo‘lgan, 1998 yilda tug‘ilgan B.D. tomonidan RFning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida seriyali qator terrorchilik xurujlarini amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga chek qo‘yilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-2, 223, 244-1 va 244-2-moddalari bilan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, 1999 yilda tug‘ilgan S.X. RF hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga olib kelingan. Ma’lum bo‘lishicha, u Internet orqali Suriyadagi “Hayot Tahrir ash-Shom” xalqaro terrorchilik tashkiloti jangarilari safiga yollanib, qo‘lbola usulda portlovchi qurilmalarni yasash bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan va O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirishni rejalashtirgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1, 155 va 248-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bundan tashqari, joriy yilda “Xizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkilotining Toshkent shahri va viloyatida yashovchi 5 nafar, muqaddam jazo o‘tab ozodlikka chiqqan 10 nafar a’zolarining noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yilgan bo‘lib, ular Internet orqali tashkilotning g‘oyaviy rahnamolaridan biri A.Xoldarovning (“Maxmud Abdulmo‘min”, Qirg‘iziston fuqarosi, Ruminiyada yashirinib kelmoqda.) yollovi ta’siriga tushib, o‘zlarining maslakdoshlaridan iborat yashirin guruh tuzgan. 

“Shuningdek, Toshkent shahri va viloyati hududida talonchilik, tovlamachilik, o‘g‘irlik va bosqinchilik bilan shug‘ullanib kelgan 8 ta uyushgan jinoiy guruhning faoliyatiga barham berilgan bo‘lib, ular terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, noqonuniy topilgan daromadlaridan ekstremizmni moliyalashtirib kelganlar. Ayrimlari terrorchilar lagerlariga chiqib ketishga tayyorgarlik ko‘rganlar”, deyiladi IIBB axborotida.

Qayd etilishicha, 2021 yilda Toshkent shahridagi “Texno olam” (“Malika”) savdo majmuasida tizimli ravishda mobil telefonlar o‘g‘irlash, firibgarlik, talonchilik jinoyatlari sodir etib, hududdagi qo‘riqlash xizmati xodimlariga tan jarohati yetkazish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

IIBB

Baholaganlar

173

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing