Toshkentda 32 gektar yerni 2,4 mln dollarga pullayotgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
21 fevral
6055Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerni 2 mln 400 ming dollarga sotib yubormoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Ohangaron tumanida joylashgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 32 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2 mln 400 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 500 ming AQSH dollarini Toshkent shahridagi kafelardan birida olgan vaqtida DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi, shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiyo‘l tumanida yashovchi 1974 va 1978 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 48 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 60 ming AQSH dollari hamda kadastr hujjatlarini hal qilib berish evaziga 8160 AQSH dollari talab qilib, shundan 64 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlangan.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan shaxs Suv xo‘jaligi vazirligining “Amu-Surxon” Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli Sherobod tumanidagi Meliorativ ekspeditsiya balansida bo‘lgan 20 sotix yer maydonini hamda yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroga tegishli, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 45 sotix yer maydonini jami 60 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, 56,7 ming AQSH dollari va 43 mln so‘m olgan vaqtida DXX, IIV hamda IJQKD xodimlari tomonidan ushlangan.
Shuningdek, Xorazm viloyatining Urganch tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs mazkur tumandan oqib o‘tuvchi Shovot kanali bo‘yida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonini kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming AQSH dollari va 13 mln so‘m olgan vaqtida DXX hamda IJQKD xodimlari tomonidan ushlangan.
Bildirilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida davlat zaxirasidagi 2,5 gektar yer maydonini 650 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 100 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
LiveBarchasi