Toshkentda 25 bolani Damas’da tashigan hujjatsiz “shovvoz” ushlandi (video)
3-sahifa
−
14:13 535 2 daqiqa
Toshkent shahrida 25 nafar bog‘cha bolasini Damas’da olib ketayotgan haydovchi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 4 sentyabr kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani Ohangaron ko‘chasida xizmat olib borayotgan Yo‘l-patrul xizmati inspektori, kichik serjant Laziz Sotiboldiyev oq rangli Damas avtomobilini to‘xtatib, tekshirgan. Tekshiruv davomida transport vositasida yo‘lovchilarni me’yoridan ortiq tashish qoidasi buzilgani, ya’ni avtomobil ichida 25 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgani aniqlangan.
Haydovchining hujjatlari tekshirilganda esa uning transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, u avval mast holda transport vositasini boshqargani uchun sud hukmi bilan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan. Haydovchi holat yuzasidan bolalarning ota-onalari va bog‘cha tarbiyachilaridan uzr so‘ragan. Hozirda Damas vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha, ya’ni 20,6 million so‘mgacha jarima solish, uch yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish, ayrim hollarda esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llash taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 28 nafar bolani Damas rusumli avtomashinada noqonuniy olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rilgan edi.
Live
Barchasi