Toshkentda 2 nafar ekologiya inspektori pora bilan qo‘lga tushdi

3-sahifa

image

Toshkentda ikki nafar ekologiya inspektori daraxtlarni ko‘chirish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga pora olayotganida qo‘lga tushdi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, ekologiya inspektori lavozimida ishlovchi 2 xodim arizachidan do‘kon qurish uchun ajratilgan Yashnobod tumanida joylashgan bir sotix yerga ekilgan turli o‘lchamdagi daraxtlarning qurigan novdalarini butab, qurimaganlarini boshqa joyga ko‘chirishga sharoit yaratish hamda jarima solmagan holda, ruxsatnoma rasmiylashtirib berish evaziga 3 ming dollar talab qilgan.

Ular kelishilgan pulni olgan vaqtlarida daliliy ashyolar bilan ushlandi. Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish ochilgan.

Boshqa bir holatda esa fuqaro murojaat qilib, o‘zini “Toshkentboshplan” davlat unitar korxonasi huquqshunosi deb tanishtirgan shaxs Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uyini ikki qavat qilib rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma olib berishini aytib, 10 ming dollar pul talab qilayotganligini bildirgan.

Korxona ma’muriy binosida o‘tkazilgan tadbirda “Huquq, Mantiq, Muvofiqlik” advokatlik byurosining advokat yordamchisi talab qilingan pulni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Mazkur vaziyat yuzasidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida respublika bo‘yicha 184 nafar shaxs pora olish jinoyatini sodir qilgani uchun sudlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent ekologiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing