17 yoshli kurerni haqoratlagan Brasserie restorani xodimi jazolandi (video)

3-sahifa

−

image

Toshkentda Brasserie restoranidan buyurtma olib ketayotgan 17 yoshli kurer bilan janjallashib, unga qo‘pol muomala qilgan erkakka nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda erkakning kurer bilan janjallashgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Videoda 17 yoshli kurer voqea restoranidan buyurtma yetkazib berish vaqtida sodir bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak unga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan.

O‘z navbatida, restoranda ishlashini aytgan erkak ham voqea yuzasidan izoh berib, kurerning skuterda restoran oldidagi yo‘lakdan harakatlangani sababli unga to‘xtashni aytganini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 17 oktyabr kuni soat 13:00 larda Mirobod tumanidagi Brasserie restorani oldida sodir bo‘lgan. 1990 yilda tug‘ilgan S.R. va voyaga yetmagan 2009 yilda tug‘ilgan M.Ya. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng erkak voyaga yetmagan shaxsga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, jamoat tartibini buzgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan S.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha jarima solish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin. To‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ko‘p qavatli uy yo‘lagiga o‘rnatilgan yuzni tanib oluvchi kuzatuv kamerasini tepib sindirgan uch nafar yigit aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing