Toshkentda hujjatlari chala bo‘lgan 59 ta ob’ektda qurilish to‘xtatildi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta ob’ektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda Toshkentda ayrim quruvchilar tomonidan qurilish me’yorlari va qonunchilik talablari buzilishining ko‘plab holatlari aniqlangan. Ba’zilari zarur ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertiza xulosalari va texnik ma’lumotnomalarni olmasdan qurilishni boshlab, fuqarolarga noqonuniy ravishda uy-joy sotishga uringan. Bunday xatti-harakatlar oqibatida ayrim fuqarolar vijdonsiz kompaniyalarga ishonib, jamg‘armalarini yo‘qotib, uy-joysiz qolmoqda.

Bildirilishicha, Toshkent shahar hokimligi vakolatli tuzilmalar bilan hamkorlikda bu masalada qat’iy va prinsipial pozitsiyani egallagan. Poytaxtning bir qator tumanlarida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta ob’ektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatilib, ob’ektlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yilgan. Xususan, Chilonzor va Olmazor tumanlarida 5 tadan, Mirobod tumanida 8 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 7 ta, Sergeli, Yashnobod va Bektemir tumanlarida 3 tadan, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlarida 2 tadan, Yunusobod tumanida 4 ta va Yangihayot tumanida 17 ta ob’ektda qurilish ishlari to‘xtatilgan. Qurilish maydonlarida nazorat va monitoring ishlari davom ettirilmoqda, har bir qonunbuzarlik holati bo‘yicha qonuniy choralar ko‘riladi.

Toshkent shahar hokimligi uy-joy xarid qilishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lib, quyidagilarga e’tibor berishni so‘ramoqda:

  • sotib olinayotgan ko‘chmas mulkka oid barcha hujjatlarning asl nusxalarini (kadastr, ekspertiza xulosalari va kengash qarorlari, texnik ko‘rik dalolatnomasi) talab qilish va ularni sinchkovlik bilan tekshirish;
  • sotuvchilarga pulni naqd yoki norasmiy yo‘llar bilan bermaslik, shartnomaning barcha bandlarini diqqat bilan o‘rganib chiqish;
  • quruvchi yoki ob’ektning qonuniyligi xususida ozgina shubha tug‘ilsa, shuningdek, kompaniya hujjatlarni taqdim etishni paysalga solsa, Toshkent shahar hokimligining rasmiy botiga murojaat qilish. Bunda fuqaroga ob’ektning qonuniy maqomi haqida ma’lumot beriladi.

“Hurmatli tadbirkorlar va quruvchilar! Qurilish yoki savdo faoliyatini boshlashdan avval, barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirib oling. Toshkent shahar hokimligi qurilish talablarining har qanday buzilishiga va fuqarolar manfaatlariga zarar yetkazuvchi harakatlarga nisbatan qat’iy va murosasiz choralar ko‘radi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan yanada kuchaytirilgan tartibda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida Samarqand viloyatida sifatsiz qurilish ob’ektlari buzib tashlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent qurilish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing