Toshkentda hovlisida 28 tup nasha ekkan erkak ushlandi (video)
3-sahifa
−
30 iyul 3556 1 daqiqa
Toshkent shahar Olmazor tumanida xonadonida 28 tup giyohvandlik vositalarini ekkan erkak qo‘lga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi koll-markaziga tushgan ma’lumot asosida Toshkent shahar Olmazor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroning xonadoni xolislar bilan ko‘zdan kechirilganda uy hovlisida jami 28 tup bo‘yi 90 santimetrdan 1,5 metrgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari yetishtirilayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari fuqaroning xonadonida 7 ta gugurt qutida qog‘oz o‘ramlarda giyohvandlik moddalarini quritilgan holda saqlab kelayotgani aniqlangan va xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida olingan.
“Qilgan ishimdan juda ham pushaymonman. Chakishim uchun ekib qo‘ygan edim. Bu ishlarni hammadan bekitib qilib yurgan edim. Kechirishingizni so‘rayman”, deydi erkak.
Mazkur holat yuzasidan olingan daliliy ashyolar ekspertizga, hujjatlar tergov bo‘limiga taqdim etilgan. Natijasiga ko‘ra yakuniy qaror qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro o‘z uyida 55 ming tup ko‘knori va 40 dan ortiq nasha o‘simligi o‘stirayotgani aniqlangandi.